Yangiliklar: Dekabr 2020

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida 2020-yil 22-dekabrdan 24-dekabrga qadar “Xotiradan maksimal foydalanish” mavzusida 3 kunlik bepul treningi bo‘lib o‘tdi. Ushbu treningning maqsadi – talabalarning xotirasini rivojlantirish orqali, katta hajmdagi ma’lumotlarni oson eslab qolishga o‘rgatish. Bunda ishtirokchilar eslab qolishning asosiy uslublari, diqqat-e’tiborni jamlash, vaqtni boshqarish va notiqlik sirlari bilan tanishib, bu borada malaka va tajribaga ega bo‘lishdi.

Quvonarlisi shunda-ki, treningda universitetimiz talabalaridan tashqari Samarqand shahridagi boshqa OTM talabalari ham ishtirok etishdi.

Trening yakunida ishtirokchilarga “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti va “Javohir Abdufattoxov Trainings” jamoasi tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Kategoriya Yangiliklar

2020-yil 24-dekabr kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun “Davlat tiliga ehtirom ko‘rsatish va lotin yozuvida ish yuritish – muqaddas burchimizdir” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar-trening Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Samarqand bo‘linmasi rahbari professor M.B.Abdiyev tomonidan o‘tkazildi.

Universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlari seminar davomida boy tajribaga ega bo‘lishdi.

Kategoriya Yangiliklar
Payshanba, 24 Dekabr 2020 09:41

#Uzbekistan tanlovi

Aziz do‘stlar, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti “#Uzbekistan” fotosuratlar tanlovini e’lon qiladi. Tanlov demokratik tarzda o‘tkaziladi va unda nafaqat professionallar, balki havaskorlar ham o‘z fotosuratlarini taqdim etishlari mumkin.

Suratlar mualliflik huquqini buzmagan holda original bo‘lishi shart. Fotosuratlarni tahrir qilish, shu jumladan, ranglarning kontrasti, HDR ma’lumotlari, raqamli korreksiya va shovqinlarni pasaytirish, tozalash va keskinlashtirish uchun foto-redaktordan foydalanishga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, tasvirning mazmuni buzilmasligi va ushbu obyektning asl ko‘rinishiga zid bo‘lmasligi kerak.

Har bir ishtirokchi kamida 10 ta fotosurat bilan tanlovda ishtirok etishi mumkin. Fotosuratlar arxiv (RAR yoki Zip)ga yig‘ilgan holda ishtirokchi familiyasi va ismi bilan nomlanishi kerak. Har bir ishtirokchi 2021-yil 18-martdan kechiktirmay telegram-bot (@press_siut_bot) orqali arxivni yuborishi kerak bo‘ladi. Botga yuborilgan xatda ishtirokchi o‘z telefon raqami, ish (o‘qish) joyi, fotosuratlar mavzusi, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (tasvirlangan joy nomi, sana) ko‘rsatishi kerak.

Ilgari surilgan mavzular bo‘yicha 100 dan ortiq fotosuratlar yig‘ilgan taqdirda e’lon qilingan nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.
Yuqoridagi mezonlar bo‘yicha tanlovdan o‘tgan ishlar hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi.

G‘oliblar sertifikatlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar:
Gran-pri - 2 million so‘m;
1-o‘rin - 1,5 million so‘m;
2-o‘rin - 1,2 million so‘m;
3-o‘rin - 1 million so‘m.

Tanlovda ishtirok etish uchun fotosuratlarni taqdim etishning oxirgi muddati: 2021-yil 18-mart.

Kategoriya E'lonlar
Chorshanba, 23 Dekabr 2020 12:13

Xotira - abadiy, xotira – muqaddas!

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti talaba yoshlari ishtirokida 2020-yilning noyabr oyidan davomli ravishda “Men buyuk yurt farzandiman!” shiori ostida guruhlar kesimida viloyatimizdagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyida ochiq darslar oʻtkazilib kelinmoqda.

Maʼlumot oʻrnida shuni aytish lozimki, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi 2018-yilda Samarqand davlat universiteti qoshida tashkil etilgandi. Muzeyda M.Behbudiy, A.Shakuriy, S.Ayniy, S.Alizoda va boshqa maʼrifatparvar, xalqparvarlarning el-yurt ozodligi, maʼrifat yoʻlidagi zahmatli mehnatlari aks etgan keng va aniq maʼlumotlar, tarixiy hujjatlar, ashyolar toʻplanib, bu borada ekspozitsiya-koʻrgazma, maʼnaviy-maʼrifiy va noshirlik ishlari olib borilmoqda.

Kategoriya Yangiliklar

Hurmatli talabalar, sizlarni taqdimotlar va jamoat oldida nutq so‘zlash bo‘yicha birinchi Pecha Kucha tanlovimizda ishtirok etishga taklif etamiz. Tadbir 2021-yil 4-fevral kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida bo‘lib o‘tadi.

O‘zingizni notiqlik san’ati ustasi sifatida sinang!
G‘oliblarni qimmatbaho sovg‘alar kutmoqda!

Tanlov nomi "Pecha Kucha". Bunday musobaqalarni o‘tkazish an’anasi ko‘p yillar oldin Yaponiyada boshlanib, dunyoning yuzlab shaharlariga tarqaldi. Pecha Kucha yapon tilida "chit-chat", ya’ni so‘zlashishni anglatadi.

Agar sizga bu borada maslahat kerak bo‘lsa, tegishli veb-saytga murojjat qilib, butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan bunday tadbirlardan namunalar, lavhalar bilan tanishishingiz mumkin https://www.pechakucha.com

Tanlov ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ma’lumotlaringizni (F.I.Sh. va telefon raqamingiz) 2021-yil 15 yanvargacha quyidagi manzilga yuboring: +998996695806 (Telegram).
Shuningdek, biz tadbirni tashkil etishda yordam berishga tayyor bo‘lgan volontyorlarni kutmoqdamiz.

Tashkiliy qo‘mita vakili: Rahmonov Abdulaziz +998 90 6031005
limiy rahbar (supervayzer): Dr. Slavomir Vroblevski, "Turizm menejmenti" fakulteti dekani

Kategoriya E'lonlar

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti tashkil topganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Lekin oʻtgan uch yil davomida turizm universiteti taʼlim tizimida bir qancha yangiliklar yaratib, ancha oldinlab ketdi.

Respublika oliy ta’lim muassasalari orasida ilk bor “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetida xalqarolashuv jarayonini tezlashtirish hamda talabalarga eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadida 2021-yil yanvar oyidan boshlab “part-time on-campus job” yaʼni kampusda talabalarga xizmat koʻrsatadigan obyektlarda ishlash imkoni yaratiladi.

Shuni tan olish kerakki, zamonaviy talabalarning qoʻshimcha pul topish yoʻllarini izlashi ayni haqiqat. Chunki baʼzilari ota-onalari tomonidan oʻqishlarini qoʻllab-quvvatlashi va toʻlash imkoniga ega emas, boshqalar esa oʻz mehnati bilan pul topishga intiladi.

Biroq talabalarning ish topish imkoni cheklanganligi, ish tajribasining yoʻqligi ularga bu borada pand berishi turgan gap. Boshqa tomondan, talabalarga ish uchun ajratilishi mumkin boʻlgan vaqt ham cheklangan. Mehnat kodeksiga asoslansak, talabalar oʻquv jarayonidan tashqari, haftasiga 20 soatdan ziyod boʻlmagan vaqt ichida ishlash imkoniga ega. Lekin hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda shu cheklangan vaqtdan ham katta foyda olish imkoniyati mavjud.

Pandemiya sharoitida rivojlangan davlatlardagi universitetlarda joriy etilgan tajribani amalga oshirishning maqsadi bitta - talabalarga gʻamxoʻrlik qilish va talabalik davridan kerakli muhim tajribani qoʻlga kiritishdir.

Kategoriya E'lonlar

“Ипак йўли” туризм халқаро университети ташкил топганига ҳали кўп вақт бўлгани йўқ. Лекин ўтган уч йил давомида туризм университети таълим тизимида бир қанча янгиликлар яратилди.

Республика ОТМлари орасида илк бор “Ипак йўли” туризм халқаро университетида халқаро ҳамкорлик жараёнини тезлаштириш ҳамда талабаларга эътиборни янада кучайтириш мақсадида 2021 йил январь ойидан бошлаб “part-time on-campus job”, яъни кампусда талабаларга хизмат кўрсатадиган объектларда ишлаш имкони яратилади.

Шуни тан олиш керакки, талабаларнинг қўшимча пул топиш йўлларини излаши айни ҳақиқат. Чунки баъзи талабаларнинг ота-оналарида фарзандини қўллаб-қувватлаш имконига эга эмас. Шунинг учун айрим талабалар ўзи меҳнат қилиб, пул топишга интилади.

Бироқ талабаларнинг иш топиш имкони чеклангани, иш тажрибасининг йўқлиги уларга бу борада панд бериши турган гап. Бошқа томондан, талабаларга иш учун ажратилиши мумкин бўлган вақт ҳам чегараланган. Меҳнат кодексига асослансак, талабалар ўқув жараёнидан ташқари, ҳафтасига 20 соатдан зиёд бўлмаган вақт ичида ишлаш имконига эга. Лекин ҳозирги замонда шу чекланган вақтдан ҳам катта фойда олиш имконияти мавжуд.

“Ипак йўли” туризм халқаро университетида яқин орада жорий этиладиган “part-time on-campus job” хизмати талабаларга қуйидаги имкониятларни яратади:

1. Ойлик маош олиш имконияти;

2. Тажриба орттириш;

3. Вақтдан унумли фойдаланиш ва ҳоказо.

Пандемия шароитида ривожланган давлатлардаги университетларда жорий этилган тажрибани амалга оширишнинг мақсади битта - талабаларга ғамхўрлик қилиш ва талабалик даврида керакли муҳим тажрибани қўлга киритиш.

Kategoriya OAV biz haqimizda

Universitet talabalar Parlamenti Prezidentligiga saylov shaffof bo‘lishi lozim, shuning uchun ushbu jarayon oldidan barcha talabalar har bir nomzod bilan yaqindan tanishish imkonini beradigan munozaralar tashkillashtirildi.

Xususan, joriy yilning 18-dekabr kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida talabalar Parlamenti Prezidentligiga nomzodlar o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Saylov komissiyasi tomonidan Prezidentlikka to‘rtta nomzod ro‘yxatga olindi. Afsuski, kutilmagan holat ro‘y berib, to‘rtinchi nomzod - Amirullayev Shodiyor munozarada ishtirok etolmadi. Maxsus komissiya uning nomzodini bekor qilishga qaror qildi.

Ta’kidlash joizki, munozaralar klassik ko‘rinishda emas, balki nomzodlar o‘zlari haqida gapiradigan, jamoatchilikni o‘z dasturlari bilan tanishtiradigan va talabalar muammolarini muhokama qilish uchun ko‘tarilgan bahs-uchrashuv ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa, nomzodlar saylovchilar oldida mas’uliyatni his qilishdi, saylovchilar esa, o‘z navbatida, nomzodlarning rejalari bilan tanishishdi. Noan’anaviy munozaralarning o‘tkazilishi talabalarning kimga ovoz berishishida qat’iy qaror qilishiga turtki bo‘ladi.

O‘tkazilgan munozaralar nomzodlarning prezidentlik faoliyatidagi harakatlarining lokomotivi bo‘lishi shubhasiz. Munozara nafaqat muhim bo‘lgan asoslash ko‘nikmalari, tanqidiy fikrlash, ritorik texnika kabi mahoratlarni orttirishga, balki prezidentlik davrida strategiyalashtirishda ustuvor yo‘nalishlarni belgilashga yordam beradi.

“Bugungi bahs-munozaralar tahliliy fikrlash, asoslash va omma oldida nutq ko‘nikmalarini oshiradigan intellektual o‘yin shaklida bo‘lib o‘tdi. Munozaralarda nomzodlarga o‘z pozitsiyasini himoya qilish, shuningdek, saylovchilarga o‘z tanlovini belgilash uchun barcha sharoitlar taqdim etildi”, –

dedi Yoshlar siyosati bo‘limi boshlig'i va talabalar Parlamenti Prezidentligiga saylov komissiyasi raisi Umid To‘yg‘unov.

Kategoriya Yangiliklar
Payshanba, 17 Dekabr 2020 06:52

Turizm orzular sari yetaklaydi

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti talabasi Saidov Abdullo Buxoro shahrida oʻtkazilgan “I Xalqaro yoshlar turistik Forumi” doirasida Buxoro viloyati turizmi elchisi etib saylangani muhim voqeaga aylandi.

Tashabbuskor, intiluvchan, qobiliyatli, har tomonlama namuna koʻrsata oladigan talabalarimiz juda koʻp. Turizm menejmenti fakultetining faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan 3-kurs talabasi Saidov Abdullo universitet ilmiy salohiyatiga qoʻshgan hissasi, ijtimoiy hayotidagi faolligi sabab ushbu lavozimga loyiq koʻrildi.

Har tomonlama namuna koʻrsata oladigan iqtidorli talabamizning shu vaqtgacha erishgan yutuqlari bisyorki, ular eʼtirof va maqtovga loyiq. Jumladan, Saidov Abdullo Toshkent, Samarqand, Buxoroda boʻlib oʻtgan Xalqaro konferensiyalar, anjumanlarda faol qatnashib, samarali va konstruktiv dokladlari bilan chiqish qilgan. Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Yoshlar ovozi” sammitida ham oʻz tashabbusi va faolligini namoyish etgan.

Universitet talabalari orasida oʻtkazilgan tanlov boʻyicha grant yutib, Indoneziyada ikki haftalik amaliyot oʻtab kelgan va u yerda ham Xalqaro anjumanda ishtirok etgan. Shuningdek, Xalqaro konferensiya toʻplamlari, ilmiy sayt va boshqa nashrlarda oʻndan ortiq maqolasi chop etilgan. Bundan tashqari, u universitetda tashkil etilgan va amalga oshirilgan loyihalar muallifi hamdir.

“Turizm menejmenti” fakulteti yetakchisi hisoblangan Saidov Abdulloning istiqboldagi rejalari, orzu-maqsadlari bir talay. Eng muhim maqsadi - Oʻzbekistonning turizm salohiyatini dunyoga koʻrsatish va sayyohlar koʻp boradigan turistik mamlakatlar qatoridan oʻrin olishi uchun xizmat qilishi, hayotdagi shiori: “Ilm olish va sayohat qilish” ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Shijoatli talabamizga ulkan omadlar, yuksak choʻqqilarga erishishni tilab qolamiz!

Dildora Turdiyeva,
Jamoatchilik bilan aloqalar PR boʻlimi uslubchisi

Kategoriya Yangiliklar

IT Park 9 ta turli yoʻnalishlar boʻyicha tanlovlar ketma-ketligini ishga tushirmoqda.
Tanlov loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan boʻlib, buning narijasida davlat sektoriga tatbiq qilish, oqibatda esa Oʻzbekistonning rivojlanishi va raqamlashishiga hissa qoʻshish mumkin.

Loyihalar qabul qilinishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlar:

  1. Qishloq xoʻjaligi;
  2. Bank sohasi;
  3. Qurilish;
  4. Transport;
  5. Sogʻliqni saqlash;
  6. Taʼlim;
  7. Energetika;
  8. Yer resurslari, geodeziya, kartografiya, davlat kadastri;
  9. Geologiya, mineral resurslar.

Ishtirokchilardan nima kutyapmiz?
Iqtisodiyot sohasini raqamlashtirishga yordam beruvchi raqamli yechimlar: ilova, xizmat, qurilma va boshq.

Oʻtkazilish bosqichlari:
1-bosqich: eng yaxshi loyihalar tanlovi va saralashi;
2-bosqich: yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro harakatlar va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik doirasida loyihalar akseleratsiyasi;
3-bosqich: eng yaxshi loyihalarni iqtisodiyot va moliya sohalariga tatbiq qilish.

1-bosqich uchun roʻyxatdan oʻtish 20-dekabrga qadar (shu kuni ham) davom etadi!
Roʻyxatdan oʻtish va batafsil maʼlumot saytda joylashgan: https://digitaleconomy.it-park.uz/

Digital economy

Kategoriya E'lonlar
1 dan 3 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar