Shanba, 12 Dekabr 2020 11:27

Shijoatli talabalarni yiqqan qadimiy Buxoro

2020-yilning 10-11-dekabr kunlari sharif Buxoro shahrining Sahid Zarafshon mehmonxonasida “I Xalqaro yoshlar turistik Forumi” boʻlib oʻtdi.

Turizm sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan va istiqbolli sohasi ekanligi jamiyatimizda oʻz aksini topmoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosatini davlat ahamiyatiga molik darajaga koʻtarib, har bir jabhaga kengroq jalb etishni koʻzda tutmoqda. Turizm sohasi uchun yuqori malakali yosh kadrlarni yetishtirish bugungi kunning aktual muammosi. Turizmga jalb etilgan va etilayotgan yoshlar ulushini inobatga oladigan boʻlsak, ular uchun imkoniyatlar, sharoitlar yaratib berish ayni muddaodir.

Sharif Buxoro shahrida oʻtkazilgan nufuzli tadbir ushbu xayrli ishlarning debochasi boʻldi. Forum Buxoro viloyati turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi va Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Buxoro viloyati hokimligi, Oʻzbekistonning chet eldagi elchixonalari va bir qator soha tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forumda yigirmadan ortiq xorijiy delegatlar onlayn-formatda ishtirok etishdi va ushbu davlatlarda toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi. Turizm sohasining xorijlik oʻn nafar mutaxassisi oʻz nutqi bilan qatnashdi. Jumladan, Fransiya, Singapur, Qozogʻiston, Indoneziya, Malayziya, Isroil davlatlari vakillari samarali va konstruktiv taqdimotlarini namoyish etishdi. Ayniqsa, yaponiyalik mutaxassisning sof oʻzbek tilidagi nutqi barchaning hayrati va eʼtirofini qozondi.

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti talabalari ham Forumda qatnashib, oʻz faolligi, tashabbuskorligi va oʻzgacha kreativ yondashuvi bilan boshqa ishtirokchilardan ajralib turdi. Universitetimiz sharafini himoya qilgan talabalarimiz beshtadan beshta guruhga boʻlinib, forum dasturidagi besh yoʻnalish boʻyicha taqdimotlar namoyish etishdi. Ayrim guruhlarning chiqishlari qizgʻin bahs va munozaralarga sabab boʻldi.

Forumning ikkinchi kuni eng yaxshi loyihalarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Quvonarli jihati shundaki, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti talabalari forum dasturi doirasidagi besh (“Turizmning alohida sohalari”, “Turizm va media”, “Turizm va startap loyihalari”, “Taʼlim va turizm”, “Postpandemiya davrida turizm sohasini rivojlantirish”) yoʻnalishdan toʻrttasida birinchilikni egallab, mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi. “Turizm menejmenti” fakulteti Turizm faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan 3-kurs talabasi Saidov Abdullo Buxoro viloyati turizmi elchisi etib saylangani ajoyib voqea boʻldi. Forum yakunida barcha qatnashchilar sertifikat bilan taqdirlandi.

Eksperimental tarzda oʻtgan ilk forum yangidan-yangi kreativ gʻoyalar, loyihalarga boy boʻldi va turizmning istiqbolli rejalarini belgilab berdi, turizm va yoshlar ajralmas tushuncha ekanligini isbotladi.

Dildora Turdiyeva,

Jamoatchilik bilan aloqalar PR boʻlimi uslubchisi

O'qilgan 4054 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar