Yangiliklar: Mart 2021

2021-yil 19-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari Lola Rahmonboyeva va Mirabbos Mirg‘iyosov “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti talabalari bilan tajriba almashish bo‘yicha seminar o‘tkazishdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva talabalarni turizm sohasidagi matbuot kotiblari faoliyati bilan tanishtirib, mamlakatimizda turizm sohasida ro‘y berayotgan yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, mutaxassis ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanish orqali respublikamizning turistik salohiyatini ilgari surish maqsadida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, mintaqaviy departamentlar va turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘rtasida samarali hamkorlik tarmoqlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Ushbu mavzu bo‘yicha munozaralar KUN.uz axborot portali Samarqand viloyati bo‘yicha bosh muharriri Sh. Shokirjonov tomonidan professional sharhlar bilan boyitildi.

Uchrashuv jamoat tashkilotlari va xorijiy diasporalar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Mirabbos Mirg‘iyosovning nutqi bilan davom etdi. U o‘z nutqida jamoat tashkilotlari va xorijiy diasporalar bilan hamkorlik qilish orqali O‘zbekistonning turistik salohiyatini chet elda targ‘ib qilish bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan maqsad va vazifalar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, mutaxassis yangi loyihalar borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risda ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-sonli “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi va 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonlarida aks ettirilgan mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish tendentsiyalar haqida ma’lumot berildi.

Seminar davomida O‘zbekistonning turistik brendini ilgari surish bo‘yicha talabalarning g‘oya va takliflari tinglandi va muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining turli sektorlari vakillari “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti talabalari bilan muntazam ravishda bu kabi uchrashuvlarni o‘tkazishga tayyor. Bundan tashqari, talabalar bevosita mintaqaviy departamentlar va qo‘mitada ularni qiziqtirgan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Kategoriya Yangiliklar
Juma, 19 Mart 2021 18:01

Sumalak Sayli

Kategoriya Fotolenta

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vaziri oʻrinbosari Y.Absoatovning “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli adiblar va mutafakkirlar ijodiy merosini yoshlar oʻrtasida targʻib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari  toʻgʻrisida” 2020-yil 24-avgustdagi 502-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasining 4-bandi ijrosi yuzasidan Adiblar xiyobonida 5ta muhim tashabbusga bagʻishlangan “Adabiyot haftaligi” doirasida “Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot!” shiori ostida Respublika talabalar festivalining universitet bosqichini oʻtkazish to‘g‘risidagi 2021-yil 25-fevraldagi 87-06-270-son xatining ijrosini ta’minlash maqsadida 2021-yil 18-mart kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti talaba-yoshlari oʻrtasida festival bo‘lib o‘tdi.

Festival doirasida adiblar xiyobonidagi shoir, yozuvchi va ijodkorlar tarixini oʻrganishga bagʻishlangan “Eng yaxshi fotosuratlar” koʻrgazmasi, “Eng yaxshi ixtirochi” tanlovi va “Shaxmat” musobaqasi o‘tkazildi.

Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra, quyidagi talabalar g‘olib deb topildi:

  • “Eng yaxshi fotosuratlar” koʻrgazmasi bo‘yicha faxrli 1-o‘rin – Fazliddin Solijonov;
  • “Eng yaxshi ixtiro” tanlovi bo‘yicha faxrli 1-o‘rin – Diyor Mardonov;
  • “Shaxmat” musobaqasi bo‘yicha faxrli 1-o‘rin – Shahriddin Yo‘ldoshev, faxrli 2-o‘rin – Zarina Mirzayeva, faxrli 3-o‘rin – Jahongir Odilov.

Festivalning universitet bosqichida har bir yo‘nalishda faxrli 1-oʻrinni egallagan ishtirokchilar maxsus diplom va bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida; faxrli 2-oʻrinni egallagan ishtirokchilar maxsus diplom va bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravari miqdorida; faxrli 3-oʻrinni egallagan ishtirokchilar diplom va bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.

Festivalning universitet bosqichida har bir yo‘nalishda faxrli 1-oʻrinni egallagan ishtirokchilarga festivalning 2021-yil may oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmalar berildi.

Kategoriya Yangiliklar

2021-yil 17-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi raisi, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti rektori A.A.Abduhakimov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Atsushi Suda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ta’lim sohasida ikki mamlakat siyosati izchil va samarali taraqqiyot bosqichi, ilmiy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, akademik almashinuv, universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillarining tashrifi, qo‘shma konferentsiyalar, seminarlar, forumlar va ta’lim ko‘rgazmalarini rejalashtirishga alohida ahamiyat berildi.

Tashrif munosabati bilan Yaponiya elchixonasi maslahatchisi tomonidan “Ipak yo‘li” universiteti talabalarini Yaponiya an’analari va madaniyati bilan yaqinroq tanishtirish hamda o‘quv jarayoni sifatini yanada takomillashtirish maqsadida qator kitob va o‘quv qo‘llanmalar taqdim etildi. Ushbu kitoblar, shubhasiz, universitet kutubxonasining “Buyuk Ipak yo‘li” mavzudagi Osiyo mamlakatlari adabiyoti fondini boyitadi.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti reytingini oshirishning asosiy maqsadlaridan biri – ulkan va boy kutubxona tashkil etib, unda talabalarni turizmning ko‘p qirrali sohasi bilan yanada chuqurroq tanishtirish uchun barcha sharoitlarni yaratish. Bu borada ko‘plab xalqaro va mahalliy instantsiyalar, turistik tashkilotlar va yurtimizda faoliyat yoritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari sa’y-harakati bilan universitetning kutubxonasi fondi jadal kengayib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan turizm sohasidagi bilimlarning ochiq manbai hisoblanadigan kutubxona imidjini targ‘ib qilish maqsadga muvofiqdir.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti mashhur va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida turizm sohasidagi birinchi universitet hisoblanadi. Turizm sohasi uchun istiqbolli kadrlarni tayyorlash jarayoni bakalavriat, magistratura, doktorantura, hamda qoʻshma ta’lim dasturlari (Double degree) bosqichlarida bardavom olib borilmoqda. Universitet o‘quv jarayoniga turizm sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar keng jalb etilgan. O‘quv dasturi esa bilim, ko‘nikma va tajriba oshirish maqsadida yetakchi xorijiy oliygohlarda talabalarni amaliyot o‘tash imkoniyatini beradi.

Universitetimizning Sharqning ilm-fan markazi – qadimiy va navqiron Samarqand shahrida joylashganligi uning mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Kategoriya Yangiliklar

Mamlakatimizning peshqadam universitetlarida o‘zlarining nashr matbaa bo‘limlari to‘liq shakllangan hamda  jihozlangan bosmaxonalari mavjud bo‘lib, ular oliy ta’lim muassasasining bosma mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirib kelmoqda.

Universitetimizda ham bu yo‘nalishda dastlabki qadam tashlandi. 2021-yil, 18-mart kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti bosmaxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, universitet bosmaxonasi zamonaviy bosma mahsinalari bilan jihozlangan. Bosmaxonamiz talabalar, professor-o‘qituvchilar va xodimlarni yuqori sifatli bosma materiallarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, o‘quv jarayonining sifat va samaradorligini oshirishga hamda kelgusida universitetning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun munosib hissa qo‘shadi, albatta.

Bosmaxonaning samarali va xalqaro standartlarga javob beradigan tarzda faoliyat ko‘rsatishi universitet professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari, monografiyalari, darslik va qo‘llanmalarini, shuningdek, turizm sektori uchun rang-barang reklama materiallari,  fotosuratlar va esdalik sovg‘alarini chop etish imkonini beradi.

Bosmaxona o‘quv jarayonini ta’minlash bilan bir qatorda bosma va reklama materiallarini ishlab chiqarish uchun universitetdan tashqaridan ham buyurtmalar qabul qiladi hamda turizm sektoriga tipografik xizmat ko‘rsatishni o‘z vazifasi deb hisoblaydi.

Kategoriya Yangiliklar

2021-yil 17-mart kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining ayollar jamoasi uchun xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi M.Abbasova tomonidan tashkil etilgan bahs-munozarali ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda “Ayolning oiladagi, jamiyatdagi hamda jamoadagi o‘rni” (ma’ruzachi: birinchi prorektor J.D.Eltazarov), “Great Women in Science” (“Turizm menejmenti” fakulteti dekani S.Vroblevski), “Universitetimiz xotin-qizlari faoliyati” (xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi M.Abbasova), “Psixofiziologik himoya” va boshqa masalalar ko‘tarildi.

Kategoriya Yangiliklar

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida “Milliy va diniy qadriyatlarda ayollarning ulug‘lanishi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilangan. Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos xususiyatdir. Hadisi sharifdagi “Jannat onalar oyog‘i ostidadur”, “Avval onangizga, yana onangizga, so‘ngra otangizga yaxshilik qiling”, degan benazir so‘zlarda ham ana shu adoqsiz ehtirom namoyon bo‘ladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligi haqida so‘z yuritildi.

“Islom tarixiga nazar solsak, johiliyat davrida ayollarning deyarli huquqlari bo‘lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o‘zlari bir buyum sifatida merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlangan. Hatto kelajakda qo‘liga qurol olib jang qila olmaydi, asirga tushib bizni nomusimizni yerga uradi, kambag‘allikka sabab bo‘ladi, deb qiz chaqaloqlarni tiriklay ko‘mish odati tez-tez uchrab turar edi. Insoniyatni zalolatdan hidoyatga olib chiqqan dinimiz, bu masalani ham adolatli hal qildi”, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan Markaz ilmiy xodimi T.Evadullaev.

Yoshlarni madaniy, tarixiy an’analarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, qizlarni oilaviy turmushga tayyorlash, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.

Kategoriya Yangiliklar
Juma, 12 Mart 2021 10:08

Buxoro – Sharq durdonasi

Joriy yilning 11-mart kuni universitetda Buxoro viloyatining turizm elchisi - Abdullo Saidovning tashabbusi bilan “Buxoro - Sharq durdonasi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Buxoro viloyatining turizm infratuzilmasida qo‘shimcha xizmatlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan va kelgusida rejalashtirilgan ishlar, bundan tashqari turizm infratuzilmasini rivojlantirish, 2020, 2021 va 2022 yillarda amalga oshirilgan va amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar, tashkil etilayotgan turizm mahalla va qishloqlari, tuman va shaharlar kesimida turizmning turlariga ixtisoslashtirish, madaniy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Kategoriya Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 1-fevraldagi 56-sonli buyrug‘iga muvofiq, respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida davlat stipendiyalari sohiblari ro‘yxati tasdiqlandi.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti talabasi Inoyatillo To‘ychievning Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lganligi, ayniqsa quvonarli hol.

Universitet ma’muriyati Inoyatillo To‘ychiyevni ushbu yutuq bilan tabriklaydi va kelgusida faqat zafarlar tilaydi!

Kategoriya Yangiliklar

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori J.D.Eltazarov talabalarning yashash sharoiti va harakatlarini nazorat qilish bo‘yicha edvayzerlar bilan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish davomida quyidagi vazifalar belgilandi:
- yotoqxonalarda va ijarada yashovchi talabalar hayoti bilan to‘liq tanishib chiqish;
- talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtini maqsadli o‘tkazishini, yashash sharoitini nazorat qilish.

Birinchi prorektorning ko‘rsatmalariga asosan, edvayzerlar ijaraga olingan uylarning holati, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy turmush sharoiti bilan tanishish maqsadida ijaraga olingan xonadonlarda yashovchi talabalarni ziyorat qilish uchun moslashuvchan grafik tuzishdi. Edvayzerlarning grafigiga ko‘ra, darslarga tayyorgarlik ko‘rish uchun sharoitlarni nazorat qilish, talabalarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri o‘tkazish va kerak bo‘lganda, ularga amaliy yordam ko‘rsatish kabi vazifalar amalda oshirilmoqda.

Aziz talabalar, biron bir muammoga duch kelgan bo‘lsangiz, zudlik bilan edvayzerlarga murojaat qiling. “Ipak yo‘li” universiteti ma’muriyati muammolarni hal qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi. O‘zingizni asrang!

Kategoriya Yangiliklar
2 dan 3 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar