Seshanba, 16 Mart 2021 14:25

“Milliy va diniy qadriyatlarda ayollarning ulug‘lanishi”

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida “Milliy va diniy qadriyatlarda ayollarning ulug‘lanishi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilangan. Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos xususiyatdir. Hadisi sharifdagi “Jannat onalar oyog‘i ostidadur”, “Avval onangizga, yana onangizga, so‘ngra otangizga yaxshilik qiling”, degan benazir so‘zlarda ham ana shu adoqsiz ehtirom namoyon bo‘ladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligi haqida so‘z yuritildi.

“Islom tarixiga nazar solsak, johiliyat davrida ayollarning deyarli huquqlari bo‘lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o‘zlari bir buyum sifatida merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlangan. Hatto kelajakda qo‘liga qurol olib jang qila olmaydi, asirga tushib bizni nomusimizni yerga uradi, kambag‘allikka sabab bo‘ladi, deb qiz chaqaloqlarni tiriklay ko‘mish odati tez-tez uchrab turar edi. Insoniyatni zalolatdan hidoyatga olib chiqqan dinimiz, bu masalani ham adolatli hal qildi”, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan Markaz ilmiy xodimi T.Evadullaev.

Yoshlarni madaniy, tarixiy an’analarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, qizlarni oilaviy turmushga tayyorlash, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.

O'qilgan 3691 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar