Maxsus imkoniyatlar
Shrift
Kontrast
Ovoz
logo "Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti

Universitetimizda kiberxavfsizlikka bag‘ishlangan profilaktik tadbir o‘tkazildi

08.10.2026 1 daq o'qish 270

Universitetimizda kiberxavfsizlikka bag‘ishlangan profilaktik tadbir o‘tkazildi

Bugun, 8-oktabr kuni universitetimizda kiberxavfsizlikni mustahkamlash hamda kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Kiberjinoyatga qarshi kurashish boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etib, talabalar va universitet jamoasiga bugungi kunda keng tarqalayotgan kiberfiribgarlik turlari, ulardan himoyalanish usullari hamda internetdan xavfsiz foydalanish qoidalari haqida muhim ma’lumotlar berildi.

Tadbir davomida, xususan, rahbarlar va turli tashkilotlar nomidan yuborilayotgan soxta xabarlar va firibgarlarning telefon qo‘ng‘iroqlari orqali shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga urinishi haqida real misollar keltirildi.

Mutaxassislar tomonidan kiberjinoyatlardan himoyalanish uchun “5 ta oltin qoida”ga amal qilish tavsiya etildi:

Noma’lum APK fayllarni ochmang. Begona manbalardan yuborilgan APK formatidagi fayllar qurilmangizga zararli dasturlarni o‘rnatishi va shaxsiy ma’lumotlaringizni xavf ostida qoldirishi mumkin.

Noma’lum raqamlardan kelgan qo‘ng‘iroqlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ling. O‘zini bank, tashkilot yoki boshqa muassasa xodimi sifatida tanishtirgan shaxslarga shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarni bermang.

Shubhali havolalarni ochmang. Noma’lum manbalardan kelgan havolalar orqali akkauntlaringiz, bank kartalaringiz yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlaringiz firibgarlar qo‘liga tushishi mumkin.

Onlayn xaridlarda shoshilmang. Mahsulot yoki xizmat uchun oldindan pul o‘tkazishdan avval sotuvchi va taklifning ishonchliligini tekshiring.

“Pulni tez va kafolatli ko‘paytirish” va’dalariga ishonmang. Soxta investitsiya, trading, lotereya va yuqori daromad va’da qiluvchi shubhali takliflardan ehtiyot bo‘ling.

Shuningdek, tadbirda o‘quv yili boshidan buyon universitet talabalari orasida ham kiberfiribgarlik bilan bog‘liq holatlar uchragani qayd etilib, bunday vaziyatlarning oldini olishda har bir insonning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishi muhimligi ta’kidlandi.

Mutaxassislar zararli kiberxavflardan himoyalanishga yordam beruvchi maxsus ilovalardan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik va shubhali xabarlar yuzasidan hushyor bo‘lishga chaqirdilar.

Galereya

Ulashish: