Universitetimizda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” forumi uchun saralangan iqtidorli volontyor-talabalar bilan seminar bo’lib o’tdi
Tez kunlarda Samarqand shahri yana ikkita yirik xalqaro miqyosdagi anjumanga mezbonlik qiladi. Xususan, “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” Butunjahon sammiti hamda Bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha ikkinchi xalqaro kongressi o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu nufuzli tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy va mahalliy delegatsiyalarga hamrohlik qilish maqsadida bugun universitetimizda seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Teningda Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetidan maxsus saralab olingan, chet tillarini B2 va undan yuqori darajada biladigan iqtidorli volontyor-talabalar ishtirok etishdi.
Yoshlarni muhim xalqaro anjumanlarga tayyorlash, ularga xorijiy mehmonlar bilan ishlash protokollari va xavfsizlik qoidalarini tushuntirish maqsadida tashkil etilgan ushbu treningda sohaning yetakchi mutaxassislari va mas'ul rahbarlar ma'ruza qildilar.
Xususan:
Usmon Sharifxodjayev — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari;
Rustam Qobilov — Samarqand viloyati hokimining rasmiy delegatsiyalar tashrifi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
Shirin Abidova — Yoshlar ishlari agentligi direktori maslahatchisi, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi raisi;
Shaxnoza Po‘latova — Ta'lim va ilm-fan vazirligi bo'lim boshlig'i;
Shuningdek, Milliy Gvardiya hamda Turizm politsiyasi mas'ul xodimlari o'zlarining yo'riqnomalari va qimmatli tavsiyalari bilan o'rtoqlashdilar.
Qizg'in savol-javob va ochiq muloqot formatida o'tgan seminarda volontyorlarning asosiy vazifalari, mehmondo'stlik madaniyati, kutilmagan vaziyatlarda operativ harakat qilish va jamoaviy ishlash ko'nikmalari batafsil tushuntirildi.