Universitetimiz professor-o‘qituvchilari G-LAMP xalqaro ilmiy seminarida ishtirok etdi
Joriy yilning 2–4-oktabr kunlari “Yangi O‘zbekiston” universitetida sun’iy intellekt va fundamental fanlarga bag‘ishlangan G-LAMP xalqaro ilmiy seminari bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli xalqaro ilmiy tadbirda universitetimiz “Xalqaro biznes va kreativ iqtisodiyot” kafedrasi o‘qituvchilari Farrux Mamadiyorov hamda Ulug‘bek G‘iyosov ishtirok etdilar.
Koreya Respublikasining Soongsil universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminar O‘zbekiston, Koreya Respublikasi va Xitoy olimlari o‘rtasida zamonaviy ilm-fanning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy muloqot va tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘ldi.
Tadbirning ochilish marosimida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon, Soongsil universiteti vitse-prezidenti Jang Kyong Nam hamda Tabiiy fanlar kolleji dekani Kang Vikyong ishtirok etdi. Unda sun’iy intellekt rivojlanayotgan sharoitda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va fanlararo tadqiqotlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uch kun davom etgan ilmiy seminarda Koreya Respublikasidan 11 nafar professor va tadqiqotchi, Xitoyning Sichuan universitetidan 2 nafar professor, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan 70 nafardan ortiq tadqiqotchi, yosh olim va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Seminar doirasidagi ilmiy sessiyalarda sun’iy intellektning fundamental fanlar bilan integratsiyasi, deep learning texnologiyalarining biologik ma’lumotlar va murakkab tasvirlarni tahlil qilishdagi qo‘llanilishi, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarda zamonaviy matematik va statistik metodlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.