2026-yil 3-aprel kuni “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida “Ipak yo‘li turizmi” tematik ofisining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari hamda xalqaro turizm sohasi ekspertlari va viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Qayd etilishicha, mazkur tematik ofis “Ipak yo‘li” bo‘ylab turizmni rivojlantirish, madaniy merosni asrash va innovatsion turizm loyihalarini amalga oshirish yo‘nalishlarida muhim platforma vazifasini bajaradi. Tadbir ishtirokchilari tematik ofis hamda Turizm akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar akademiyada universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarining barcha laboratoriyalarda amalga oshirgan ishlarini ko‘zdan kechirdi.
“BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays universitet talabalari va ularning ustozlari bilan samimiy muloqotda bo‘ldi. Tashrif doirasida bosh kotib va O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov tomonidan universitetning faollar zalida Xalqaro turizm akademiyasining “Mehmondo‘stlik boshqaruvi” o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tugatgan 20 nafar bitiruvchiga xalqaro sertifikatlar topshirildi. Dastlab uchrashuvni universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Samarqandga, xususan universitetga tashrifi bilan qutladi. Shuningdek, uchrashuvda bosh kotibning talabalar bilan bo‘lgan ochiq suhbati turizm sohasini yanada yuksaltirishga oid taklif va tashabbuslarga qaratildi.
Tadbirlar yakunida mehmonlar Samarqand tumanidagi Konigil qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi, Imom al-Buxoriy majmuasi hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari va asori atiqalari bilan tanishdilar.