Turizm kafedrasi o‘qituvchilari uchun PMS tizimlari bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi
2026-yil 26-oktabr kuni Turizm kafedrasi o‘qituvchilari uchun mehmonxonalarda qo‘llaniladigan zamonaviy PMS (Property Management System) tizimlariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida PMS tizimlarining mazmuni, asosiy funksiyalari hamda mehmonxona faoliyatini samarali boshqarishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, mehmonlarni bron qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish, xona fondini boshqarish, to‘lovlarni nazorat qilish hamda mehmonlar haqidagi ma’lumotlarni yuritish kabi jarayonlarda PMS tizimlarining o‘rni yoritildi.
Shuningdek, mashg‘ulot doirasida mehmonxona sohasida keng qo‘llaniladigan OPERA PMS, Cloudbeds va boshqa zamonaviy mehmonxona boshqaruv tizimlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotidan ko‘zlangan asosiy maqsad kafedra o‘qituvchilarining mehmonxona boshqaruvida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish, shuningdek, ta’lim jarayoniga amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvlarni yanada faol tatbiq etishga ko‘maklashishdan iborat.