Bugun, 25-mart kuni universitet faollar zalida rektor va birinchi bosqich talabalari o‘rtasida uchrashuv tashkil qilindi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan ushbu tadbirda dastlab o‘quv yili davomida o‘qish va tashkilotchilik ishlarida faollik ko‘rsatgan, ilmiy maqolalari e’lon qilingan hamda sportning bir nechta turlarida g‘olib bo‘lgan talabalarning ism-familiyalari tilga olindi va ishtirokchilar tomonidan qizg‘in olqishlandi.
Shundan so‘ng universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov va talabalar o‘rtasida ochiq muloqot boshlandi. Talabalar tomonidan ehtiyoj sezilayotgan ayrim nodir kitoblarning sotib olinishi, ilmiy maqolalar yozishni o‘rganish maqsadida “Iqtidorli talabalar” to‘garagini tashkil qilish kabi masalalar bo‘yicha aytilgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, bu borada zarur chora-tadbirlar belgilanib, aniq yechimlar qilinishi qayd etildi.
Shuningdek, rektor talabalarning o‘qib bilim olishi, natijaga erishgan talabalarning doimiy rag‘batlantirib borilishi haqida gapirdi.
Uchrashuv so‘ngida Islom Karimov va Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiatlari bo‘lgan Shaxrizoda Sirojiddinova hamda Muxlisa Samiyeva Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov imzosi bilan tasdiqlangan sertifikatlar topshirildi.