Bugun, 21-mart kuni Samarqand shahar Markaziy istirohat bog‘ida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida o‘tkazilgan Navro‘z umumxalq bayramida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari faol ishtirok etdi.
Oliygohimiz uchun ajratilgan hududda alohida bayramona muhit yaratildi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar milliy liboslarda bahoriy kayfiyatda bayram dasturxonini bezatib, unda milliy taomlarimizni namoyish etdilar.
Bayram tadbirlarida universitetimizning xorijiy va mahalliy talabalari tomonidan o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari ijro etildi. Shuningdek, turk, ozarbayjon va hind milliy raqslari ham yuksak mahorat bilan namoyish qilindi.
Sayl davomida viloyat hokimi Adiz Boboyev universitetimiz jamoasi tomonidan tayyorlangan ko‘rinishlar bilan yaqindan tanishib, yuksak saviyadagi tashkilotchilik va ijodiy yondashuvni e’tirof etdi.
Universitetimiz jamoasini bugungi Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etamiz!