Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari natijalari bilan tanishdi. Davlat rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomiz xotirasiga munosib tarzda qaytadan barpo etilgan majmua nafaqat ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratdi, balki yosh mutaxassislar tayyorlashda ham muhim qadam bo‘ldi.
Majmua hududida 15 gektar maydonda zamonaviy turistik infratuzilma yaratildi. Xususan 115 o‘rinli 4 yulduzli mehmonxona, 2 ta 3 yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari to‘liq foydalanishga topshirilgan. Ilgari bir kunda 12 ming nafar ziyoratchini qabul qilgan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich 65 ming nafarga yetdi.
Yangi mehmonxonalar kompleksi nafaqat turizm rivojiga, balki turizm ta’limiga ham yangi nafas olib keldi. "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetining 100 nafardan ortiq talabalari ushbu mehmonxonalarda dual ta’lim asosida amaliyot o‘tashni boshladi. Majmua atrofidagi zamonaviy mehmonxonalarda talabalarning mehmonxona xizmati, mehmon qabul qilish, xonalarni boshqarish kabi yo‘nalishlarda dual ta’lim olish imkoniyati 50 foizdan 100 foizga oshdi.
Talabalar menejer, mehmon qabul qilish, gid tarjimonlik kabi yo‘nalishlarda dual ta’lim asosida amaliyot o‘tashmoqda.