O‘zbekiston Repsublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-19-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 23-mart kuni 2026-yilgi QS Jahon universitetlari reytingida 607-oʻrinni egallagan, Italiya Respublikasi Siena shahrida joylashgan Siena universitetida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” kafedrasi tashkil etildi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti “Tarix va madaniy meros” kafedrasi mudiri, PhD, dotsent Odiljon Boynazarov hamda kafedra professorlari Kamol Mustayev va Mastura Sidikova Italiya Respublikasi Siena shahrida joylashgan Siena universitetiga tashrif buyurdi. Safar davomida universitet rektori Tomaso Montanari va boshqa mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikki universitet vakillari kelishuvi asosida ochilayotgan “O‘zbekshunoslik” kafedrasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi va shartnoma imzolandi.
Tomonlar kafedraning O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini Italiya Respublikasida keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin egallashiga umid bildirdilar. “O‘zbekshunoslik” kafedrasiga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tomonidan O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyoti, turizm va madaniy merosga oid 200 dan ortiq kitob va albomlar, o‘zbek xalq amaliy san’ati namunalari, o‘zbek madaniyati, adabiyoti va ta’lim taraqqiyotiga hissa qo‘shgan ulug‘ siymolarning portretleri sovg‘a qilindi.
Shuningdek, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan Siena universitetida Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalariga bagʻishlagan 4 kunlik seminar-treninglar tashkil etilmoqda.