Yoshlik — bu g‘ayrat va shijoat, yangi kashfiyotlar va cheksiz imkoniyatlar davridir. Ayniqsa, universitet yoshlari orasida iqtidor, ijod va san’atga mehribon ko‘plab talabalar borligi har bir oliygoh uchun faxr va iftixordir.
Ana shunday iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini keng omma o‘rtasida namoyish etish maqsadida universitetimizda “Talant shou” dasturi bo‘lib o‘tdi. Tyutor S.Abbasova boshchiligida tashkil etilgan ushbu tadbir birinchi bosqich talabalarining ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim omil bo‘ldi.
Sahnada talabalar o‘zbek, ingliz va rus tillarida turli adabiy asarlar parchalaridan iborat monologlar, milliy qo‘shiqlar va raqslarni mahorat bilan ijro etdi. Ularning har bir chiqishi yoshlarga xos jo‘shqinlik, o‘ziga ishonch va yuksak did bilan namoyon bo‘ldi. Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan ko‘tarinki kayfiyat hukm surdi.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari tajribali ustozlar tomonidan alohida baholandi. Bu esa talabalar mehnatiga berilgan haqli va adolatli baho bo‘lib, ularni yanada yangi marralarni zabt etishga ruhlantirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov bunday ijodiy loyihalar oliygohda muntazam ravishda tashkil etilishi muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida doimiy ravishda amaliy ishlar olib borilishi qayd etildi.
“Talant shou” dasturi nafaqat iste’dod egalariga o‘zini namoyish qilish imkoniyatini berdi, balki universitetdagi ijodiy muhitning yana bir bor yorqin ifodasiga aylandi.