Universitetimiz dotsenti Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetida xalqaro ilmiy-ta’limiy stajirovka o'tamoqda
Xalqaro Orhun dasturi doirasida universitetimiz yozma va og‘zaki tarjima tadqiqotlari kafedrasi dotsenti Nargiza Turdiyeva Qozog‘istonning Almati shahrida joylashgan Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetida ilmiy-ta’limiy stajirovka o‘tamoqda.
Bu universitet Qozog‘istonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, xalqaro QS World University Rankings reytingida 163-o‘rin, QS Asia reytingida esa 38-o‘rinni egallaydi.
Stajirovka davomida N. Turdiyeva universitetning yetakchi olimlari hamda professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlarda ishtirok etib, zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilmiy-metodik yondashuvlar va ilg‘or akademik tajribalar bilan yaqindan tanishmoqda.
Shuningdek, stajirovka doirasida atoqli qozoq shoiri Jambul Jabayev tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etib, ilmiy va akademik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muloqotlarda qatnashdi.
Bu almashinuv doirasida N. Turdiyeva Qozog‘iston Milliy universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun seminar tashkil etib, ishtirokchilarni universitetimiz faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, talabalar uchun ochiq mashg‘ulot o‘tkazdi.
Stajirovka davomida professor-o‘qituvchimiz Qozog‘istondagi yirik ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biri — Al-Farobiy nomidagi kutubxonaga ham tashrif buyurib, uning fondi va ilmiy resurslari bilan ham tanishdi.