Turizm yo‘nalishida dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida turizm yo‘nalishida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda talabalarni ichki turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga yanada yaqinlashtirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda universitet rektori M.M. Xolmuxammedov, Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i J. Suyunov, Samarqand viloyati Tadbirkorlar turizm kengashi raisi T. Djahongirov, shuningdek, ichki turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan turizm kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida turizm sohasi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, dual ta’lim tizimini joriy etish orqali talabalarni nazariy bilimlar bilan bir qatorda real ish jarayoniga jalb qilish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, turizm kompaniyalari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirish, hududlarda turistik mahsulotlarni shakllantirish va targ‘ib qilish, talabalarni amaliy loyihalarga jalb etish hamda universitet va turizm biznesi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida universitet, turizm sohasi vakillari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, dual ta’lim dasturlarini amaliyotga yo‘naltirish hamda talabalar uchun samarali ta’lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashabbus turizm ta’limini real mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarni sohaga erta bosqichdan tayyorlash va malakali turizm mutaxassislarini yetishtirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.