“Qizlar — millat kelajagi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
Bugun universitetimizda 11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Qizlar — millat kelajagi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yosh qizlarning jamiyatdagi o‘rni, ta’lim olish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari, huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, kelajakdagi maqsad va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni universitetimiz rektori Muxsinjon Xolmuxamedov o'z nutqi bilan ochib berdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Matlubova Sayyoraxon, Matlubova Saodatxon hamda Jurayeva Muxarramxonlar ishtirok etib, yosh qizlar bilan samimiy suhbatlashdilar. Mehmonlar o‘z hayotiy tajribalari, bilim va ko‘nikmalari asosida qizlarga ta’lim olish, o‘z ustida muntazam ishlash, kasbiy va shaxsiy rivojlanishga intilish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash yuzasidan tavsiyalar berdilar.
Tadbir davomida yurtimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan ta’lim imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Jumladan, talaba-qizlarning bakalavriat bosqichida ta’lim olishi uchun kontrakt to‘lovlarini qoplash, magistratura bosqichida esa xotin-qizlar uchun davlat tomonidan to‘liq ta’lim grantlari ajratilishi kabi imkoniyatlar alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida qizlarning nafaqat ta’lim va kasbiy faoliyatdagi, balki oiladagi o‘rni ham milliy qadriyatlar nuqtayi nazaridan yoritildi. Xususan, oila va jamiyat hayotida faol, bilimli, mas’uliyatli va ma’naviy yetuk ayol obraziga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir badiiy chiqishlarga ham boy bo‘ldi. Unda sahna ko‘rinishlari, jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar, dutor ijrochilarining chiqishlari hamda ayolni ulug‘lovchi she’rlar namoyish etildi.