Xitoyning Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-yil 13-iyul kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti (Shanghai International Studies University — SISU) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Universitet rektori bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda SISU delegatsiyasiga universitet kengashi raisi, professor Yin Dongmei boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibidan global boshqaruv va hududshunoslik, Konfutsiy instituti faoliyati, Markaziy Osiyo tillari hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlariga mas’ul rahbar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini saqlash va o‘rganish, madaniy turizmni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda akademik aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, ilmiy tajriba va bilim almashinuvini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat sivilizatsiyalari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladilar.