“Talaba Expo–2026” doirasida biznes loyiha va start-uplar taqdimoti bo‘lib o‘tdi
“Talaba Expo–2026” ko‘rgazmasi doirasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes loyiha va start-uplar taqdimoti tashkil etildi. Tadbir yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Tadbirda universitet rektori Muxsinjon Xolmuxamedov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan startap loyihalarni rivojlantirish uchun yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, shuningdek, universitetda talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Taqdimotda universitetimizdan 13 nafar talaba, asosan turizm va madaniy meros sohalariga oid o‘z biznes g‘oyalari va start-uplarini namoyish etdi. Xususan, universitet magistri Farog‘at Olimjonova “Silk Road Craft Hub” – hunarmandchilik mahsulotlarini tijoratlashtirish uchun platforma yaratish loyihasini taqdim qildi. Ushbu startap tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va loyihani moliyalashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbir “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, bitiruvchilar zamonaviy mehnat bozori talablariga mos innovatsion takliflar, tadbirkorlik tashabbuslari va amaliy loyihalarini ishtirokchilarga taqdim etdilar.