Maxsus imkoniyatlar
Shrift
Kontrast
Ovoz
logo "Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti

Bakalavriat bitiruvchilari uchun tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi

14.07.2026 1 daq o'qish 26

Bakalavriat bitiruvchilari uchun tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 13-iyul kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar uchun tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Quvonch va hayajonga boy kechgan tadbirda bitiruvchilar, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar hamda soha vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov kirish so‘zi bilan ochib, bitiruvchilarni oliy ta’limni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari bilan samimiy tabrikladi. Rektor o‘z nutqida bugungi bitiruvchilar universitetda olgan bilim va ko‘nikmalari bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, ayniqsa turizm va madaniy meros sohalarining rivojiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirib, ularga kelgusidagi kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi marralar va zafarlar tiladi.

Shuningdek, marosim davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Sharipov Kongratbay Avezimbetovich nomidan eng namunali bitiruvchilarning ota-onalariga farzandlarining ta’lim-tarbiyasi va kamolotiga qo‘shgan hissasi uchun tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Marosim davomida universitetning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Badarch Dendev, Sam Star Tour direktori hamda universitet Senati a’zosi Tolib Jahongirov, Registon ansambli gid-ekskursovodlar bo‘limi boshlig‘i Asliddin Safarov hamda Reikartz mehmonxonalar tarmog‘i menejeri Antonina Nosova so‘zga chiqib, bitiruvchilarni ushbu muhim hayotiy bosqich bilan muborakbod etdilar. Mehmonlar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh mutaxassislar mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga ishonch bildirib, ularga kelgusidagi faoliyatlarida omad va muvaffaqiyat tiladilar.

Joriy o‘quv yilida universitetning bakalavriat ta’lim bosqichini 104 nafar talaba muvaffaqiyatli tamomlab, diplom olish sharafiga muyassar bo‘ldi. Ular bugun universitetning navbatdagi bitiruvchilari safidan munosib o‘rin olib, egallagan bilim va ko‘nikmalari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan malakali mutaxassislar safini kengaytirdilar.

Bitiruvchilar nomidan so‘zga chiqqan talabalar universitetdagi ta’lim jarayoni davomida olgan bilim va amaliy tajribalari, professor-o‘qituvchilarning ko‘magi hamda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti ularning shaxsiy va kasbiy rivojlanishida muhim o‘rin tutganini alohida ta’kidladilar. Ular universitet rahbariyati, ustozlari va ota-onalariga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.

Tadbir diplomlarni tantanali topshirish marosimi bilan davom etdi. Bayramona ruh, samimiy tabriklar va quvonchli lahzalarga boy kechgan ushbu marosim barcha ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Universitet jamoasi barcha bakalavriat bitiruvchilarini ushbu muhim yutuq bilan samimiy muborakbod etadi hamda ularga kelgusidagi kasbiy faoliyatida yuksak marralar, ulkan muvaffaqiyatlar va zafarlar tilaydi.

Galereya

Ulashish: