Oliy ta’lim muassasasida sirtqi ta’lim yo‘nalishining 3-bosqich talabalari ishtirokida “Yashirin iqtisodiyotga toqatsizlik pozitsiyasini shakllantirish” mavzusida navbatdagi tadbir tashkil etildi. Tadbir davomida talabalarga yashirin iqtisodiyotning jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qilishi, davlat byudjetiga katta zarar yetkazishi, adolatli raqobatni buzishi va korrupsiyaning kuchayishiga zamin yaratishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu munosabat bilan talaba-yoshlar o‘rtasida yashirin iqtisodiyotga nisbatan qat’iy “toqatsizlik” pozitsiyasini shakllantirish muhimligi, har bir fuqaroning qonunlarga hurmat bilan qarashi va halol mehnatni qadrlashi zarurligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash ushbu jarayonning ajralmas qismi ekanligi qayd etildi. Yashirin iqtisodiyot ko‘pincha korrupsiya bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, biri ikkinchisini kuchaytirishi tushuntirildi. Yoshlar o‘rtasida halollik, shaffoflik va mas’uliyat kabi qadriyatlarni targ‘ib qilish, ularni faol fuqarolik pozitsiyasiga undash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Tadbir so‘ngida talabalar tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.