2025-yil 7-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Reikartz mehmonxonalar tarmog‘i o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu memorandum doirasida universitet talabalari Reikartz mehmonxonalar tarmog‘iga kiruvchi mehmonxonalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Hamkorlikning asosiy maqsadi – turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohasida tahsil olayotgan talabalarni nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish, ularning kasbiy salohiyatini oshirishdir. Amaliyot jarayonida talabalar mehmonxona biznesining zamonaviy tamoyillari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati, menejment va marketing bo‘yicha amaliy tajriba orttiradilar.
Reikartz mehmonxonalar tarmog‘i Markaziy Osiyodagi yirik mehmonxona operatorlaridan biri bo‘lib, yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish tizimi bilan ajralib turadi. Ushbu tarmoqdagi mehmonxonalarda amaliyot o‘tash – talabalarga real ish muhitida faoliyat yuritish, professional jamoa bilan ishlash va kelgusida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Ipak yo‘li” universiteti amaliy ta’limga alohida e’tibor qaratib, yirik soha vakillari bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda. Reikartz bilan imzolangan ushbu memorandum esa ta’lim va ishbilarmonlik aloqalarini chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.