Версия для печати
Dushanba, 19 Aprel 2021 16:27

Universitetda zamonaviy kutubxona faoliyat boshladi

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti reytingini oshirishning asosiy maqsadlaridan biri – ulkan va boy kutubxona tashkil etib, unda talabalarni ko‘p qirrali turizm sohasi bilan yanada chuqurroq tanishtirish uchun barcha sharoitlarni yaratishdan iborat. Bu borada ko‘plab xalqaro va mahalliy instantsiyalar, turistik tashkilotlar va yurtimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari sa’y-harakati bilan universitet kutubxonasi fondi jadal kengayib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan turizm sohasidagi bilimlarning ochiq manbai hisoblanadigan kutubxona imidjini targ‘ib qilish maqsadga muvofiqdir.

Universitet rektori jamoatchilik vakillariga o‘ziga xos dizaynda yaratilgan, to‘laqonli yuqori texnologiyali turizm sohasidagi bilimlar markazi vazifasini bajaruvchi noyob universitet kutubxonasini o‘zgacha g‘urur bilan taqdim etdi.

Ta’kidlash joizki, universitet kutubxonasi bir nechta zonalarga bo‘linadi: elektron resurslar zali, markaziy zal, xalqaro zal, milliy zal, nodir kitoblar zali va talabalar tanlangan kitoblar muhokamasi uchun kichik yig‘ilishlar zali – “Brainstorming-room”. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri A.A.Abduhakimovning shaxsiy kutubxonasidan keltirilgan kitoblar saqlanayotgan rektor xonasi alohida o‘rin tutadi.

Hozirgi vaqtda universitetning kutubxona fondi 10 mingdan ortiq kitob, shuningdek, mingdan ortiq elektron resurslarni o‘z ichiga oladi. Universitet kutubxonasi zamonaviy uskunalar, lingafon xonasi bilan jihozlangan bo‘lib, unda tillarni o‘rganish va turizm adabiyoti bilan yaqindan tanishish uchun barcha zarur elektron materiallar taqdim etiladi.

O'qilgan 4402 marta
Kategoriya Yangiliklar

Barcha yangiliklar