Turizm akademiyasi laboratoriyasida HoReCa bo‘limi tashabbusi bilan navbatdagi amaliy mashg‘ulot – pishiriq va shirinliklar tayyorlash bo‘yicha bepul master-klass tashkil etildi. Mazkur tadbir Samarqand shahrida keng e’tirofga sazovor bo‘lgan “Chocolate” qandolatchilik kafesi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Master-klass doirasida talabalar zamonaviy qandolat mahsulotlarini tayyorlash sir-asrorlari bilan yaqindan tanishdilar, tajribali mutaxassislardan o‘rgandilar hamda o‘zlarini amaliy jihatdan sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbirda ishtirok etgan talaba qizlar qandolatchilikning nozik jihatlari, ingredientlar muvozanati va mijozlar didini hisobga olish kabi ko‘nikmalarni chuqurroq o‘rganishga harakat qilishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – talaba yoshlarni pazandachilik (qandolat) bo‘yicha amaliy mahoratini oshirish, ularda xizmat ko‘rsatish madaniyatiga oid zarur ko‘nikmalarni shakllantirish va kelgusida HoReCa sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishlariga zamin yaratishdan iborat. Bu kabi mahorat darslari nafaqat kasbiy tayyorgarlikni mustahkamlash, balki talabalarning o‘z qiziqishlari va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda ham muhim o‘rin tutadi.
Tadbir yakunida ishtirikochilarga sertifikatlar topshirildi.