Bugun, 23-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy xalqaro universiteti psixologi Dildora Turdiyeva A.S. Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan “Qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning oldini olish” mavzusidagi davra suhbati doirasida psixologik trening o‘tkazdi.
Tadbirda soha vakillari oila muqaddasligi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, oilada er-xotinning burch va mas’uliyati, ushbu mavzuning huquqiy, diniy jihatlari haqida ma’ruzalar o‘qishdi. O‘z navbatida, psixolog oilaning baxtli, farovon bo‘lishi uchun ayolning o‘zini sevishi kerakligi haqida fikr bildirdi. O‘zini sevish – bu o‘zini qabul qilish, qadrlash, tan olish, o‘zi bilan o‘zi kurashishdan to‘xtash ekanligi, aslo xudbinlik emasligini tushuntirib o‘tdi.
Qo‘llanilgan psixologik texnika va mashqlar ishtirokchilarning o‘ziga bo‘lgan bahosi, munosabatini anglash, tahlil qilish imkonini berdi. Trening barcha ishtirokchilarga ulkan motivatsiya berib, ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.