2025-yil 4-iyun kuni Fransiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Yschool universitetida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashabbusi bilan “O‘zbekshunoslik” kafedrasi ochildi.
O‘zbekiston Repsublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-19-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Fransiya Respublikasining Troyes shahrida joylashgan Yschool universitetida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” kafedrasi tashkil etildi.
Kafedraning ochilish msrosimida universitetning Turizm kafedrasi mudiri Akmaljon Odilov hamda kafedra o‘qituvchisi Alijon Suyunovlar ishtirok etdi. Kafedra ochilishi Yschool universitetining rahbariyati va talabalari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Kafedra ochilish marosimida ishtirok etganlarga kafedraning asosiy ya‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Yakunda tomonlar kafedraning O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini Fransiya Respublikasida keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin egallashini ta’kidlashdi.
“O‘zbekshunoslik” kafedrasiga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tomonidan O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyoti, turizm va madaniy merosga oid kitob va albomlar, o‘zbek xalq amaliy san’ati namunalari, o‘zbek madaniyati, adabiyoti va ta’lim taraqqiyotiga hissa qo‘shgan ulug‘ siymolarning suratlari sovg‘a qilindi.