Universitet nizomi

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining

USTAVI

I. Umumiy qoidalar

1. “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti (keyingi o‘rinlarda “Universitet”) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyundagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3815-sonli qarori asosida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti nomi bilan tashkil etilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5270-sonli qarori bilan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti etib qayta nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining tarkibiy tuzilmasiga kiradi.

2. Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, oliy ta’limning asosiy va qo‘shimcha ta’lim dasturlarini bajarish bo‘yicha ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Universitet O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv-pedagogik, ilmiy-metodik va boshqa faoliyatlarni amalga oshiradi hamda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi.

3. Universitet o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari va mazkur Ustavga amal qiladi.

4. Universitet yuridik shaxs hisoblanadi. Operativ boshqaruvida o‘ziga xos maxsus mol-mulkka ega va ushbu mol-mulk bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq javob beradi, o‘z nomidan mol-mulk sotib olishi va mulkiy hamda nomulkiy huquqlarni amalga oshirishi, zimmasiga majburiyat olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.

Mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa, shu jumladan valyuta bo‘yicha hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplar va boshqa rekvizitlarga ega.

Universitet joylashgan manzil: Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17-uy.

Universitetning nomlanishi:

o‘zbek tilida (kirill alifbosida): “Ипак йўли” туризм ва маданий мерос халқаро университети;

o‘zbek tilida (lotin alifbosida): “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti;

rus tilida: Международный университет туризма и культурного наследия «Шелковый путь»;

ingliz tilida: “Silk Road” International University of Tourism and Cultural Heritage.

II. Universitetning asosiy vazifalari

5. Universitetning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo‘llagan holda, turizm sohasida yuqori malakali professional kadrlarni milliy va xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq sifatli tayyorlashni ta’minlash;
  • ta’limning tegishli yo‘nalishlari va mutaxasisliklari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish, yosh talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, turizm sohasida ta’lim tizimiga yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari tajribasini joriy qilish;
  • turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlarini hamda o‘qitishning innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • istiqbolli yosh bitiruvchilarni chet el oliy ta’lim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga magistratura hamda doktoranturada o‘qishga muntazam ravishda yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;
  • ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish faoliyati bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • turizm sohasi sub’yektlari mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
  • turistik faoliyatni va turizm sohasida yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish;
  • yetakchi respublika va xorijiy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni, jumladan ularning mutaxassis hamda ekspertlarini o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish jarayonlariga jalb qilish orqali rivojlantirish, turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish.

III. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarning subyektlari,

ularning huquq va majburiyatlari

a) Talabalar:

6. Universitetga talabalarni qabul qilish qonunchilikda belgilangan tartibda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga ega bo‘lgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda Universitet Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan universitetga o‘qishga qabul qilish nizomiga muvofiq ingliz tili bo‘yicha yetakchi xalqaro va Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan ingliz tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan shaxslar arizalariga binoan Universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga proktoring tizimidan foydalangan holda test sinovlari va suhbat natijalari asosida to‘plagan ballar ketma-ketligi bo‘yicha davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan talaba uchun to‘lov-kontrakt miqdori bir talabani bir yillik o‘qitish xarajatlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi bilan kelishgan holda mustaqil ravishda belgilanadi.

Universitetda o‘qish kunduzgi (bakalavriat va magistratura), sirtqi (bakalavriat va magistratura) va masofaviy (bakalavriat va magistratura) shaklida tashkil etiladi.

Universitetga talabalarni qabul qilish soni Universitet Vasiylik kengashi tomonidan turizm sohasida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning maqsadli buyurtmalaridan kelib chiqib belgilanadi.

Universitetga qabul barcha uchun (grant, to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlari va suhbatdan eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar test natijalariga ko‘ra ballar ketma-ketligi asosida to‘lov-kontrakt, shuningdek qo‘shimcha to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

Qonunchilikka muvofiq test sinovlarisiz muayyan imtiyoz asosida ham o‘qishga qabul qilish kafolatlanadi.

Universitetga xorijiy fuqarolarni qabul qilish Universitet Vasiylik kengashi tomonidan o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi. Shuningdek, universitetga oliy (ikkinchi va keyingi ta’lim) ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq belgilangan kvota doirasida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Universitet rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilingan shaxs universitetning talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik ID kartasi beriladi.

7. Universitetning talabalari quyidagi huquqlarga ega:

- fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;

- universitet kutubxonasi (axborot-resurs markazi)da mavjud bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;

- bepul maslahatlar va tavsiyalar olish;

- auditoriyalar, ta’lim jarayoniga oid vositalardan o‘rnatilgan tartibda bepul foydalanish;

- ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda ta’lim muassasasi, dekanat (maktab) va kafedra rahbariyatiga bildirish va ularni ko‘rib chiqilishini talab qilish;

- universitet va fakultet (maktab) miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda ishtirok etish;

- ilmiy-tadqiqot ishlarida va ilmiy konferensiyalarda qatnashishga va ularning natijalarini nashr etishga va bu haqda axborotlar berish;

- universitet qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lish va ular ishida qatnashish;

- o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida universitetning o‘zida, shuningdek, boshqa joylarda mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlash;

- sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa huquqlardan foydalanish.

Talaba o‘z huquqlarini suiiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o‘zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.

8. Davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shaklida ta’lim olayotgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta’minlanadilar

Talabalar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat stipendiyalari va universitet ichki nomdor stipendiyalarini olish huquqiga egadirlar.

9. Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.

10. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq kunduzgi o‘quv shaklida ta’lim olayotgan talabalarga oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.

11. Universitetning talabalar turar joyi sig‘imidan kelib chiqqan holda muhtoj talabalar, universitet talabalar turar joylaridan sanitariya me’yorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta’minlanadi.

Talabalar turar joyi uchun to‘lov talabalar turar joylarida kommunal-maishiy xizmatlar uchun to‘lovlarni inobatga olib, universitet Senati tomonidan belgilanadi.

Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo‘lgan holda, universitetning talabalar turar joylari maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.

12. Universitetdan o‘z hohishi yoki uzrli sabablarga ko‘ra chetlashtirilgan talaba O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi va qoidalari asosida qayta o‘qishga tiklanish huquqiga ega.

Universitetning talabalari belgilangan tartib va qoidalar asosida boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘qishlarini ko‘chirish (o‘qishga qayta tiklanish) huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi hududida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ta’lim faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan talabalarni universitetga o‘qishini ko‘chirish (o‘qishga tiklash) taqiqlanadi.

Talabalar o‘qishini bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi va qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

13. Universitet talabalari oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv dasturlari va rejalarida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur hamda universitetning ustaviga, ichki tartib qoidalari, odob-axloq qoidalari va talabalar turar joylari qoidalariga rioya etishlari shart. Talabalar turar joyi qoidalariga rioya etish talabi talabalar turar joyida yashayotgan talabalarga taalluqli. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o‘qish vaqti hisobidan ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish man etiladi

14. Talaba oliy ta’lim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:

a) o‘z xohishiga binoan;

b) o‘qishning boshqa ta’lim mussasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;

c) salomatligi tufayli (tibbiy komissiyasi ma’lumotnomasi asosida);

d) o‘quv intizomini va universitetning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;

e) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);

f) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;

j) vafot etganligi sababli.

Intizomiy jazoga tortilayotgan talaba o‘ziga qo‘llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatliligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat bilan rektorga, Turizm va sport vazirligiga yoki boshqa vakolatli tashkilotlarga murojaat etishi mumkin.

Talabaga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo yuzasidan ma’lumot uning shaxsiy yig‘ma jildida saqlanadi.

Talaba universitetdan chetlashtirilganda, unga shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig‘ma jildda saqlanadi.

Intizomiy jazo choralari talabalarning kasallik yoki ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti-harakat aniqlangandan so‘ng bir oydan va hatti-harakat sodir etilganidan so‘ng olti oydan kechiktirilmay qo‘llaniladi. Talabalar kasallik paytida, akademik ta’til yoki homiladorlik va tug‘ish holati bilan bog‘liq bo‘lgan ta’til paytlarda talabalarga intizomiy jazo choralarini ko‘rish man etiladi.

Talaba kasal bo‘lganligi o‘zi yoki uning ota-onasi tomonidan yozma ariza bilan bevosita dekanat (maktab)ga, odatda, bir haftadan kechiktirilmasdan ma’lum qilinadi va tibbiy ma’lumotnoma aslini taqdim etadi.

b) Tayanch doktorant, doktorant va mustaqil izlanuvchilar:

15. Universitetning tayanch doktorantlari, doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari bo‘lib, muayyan yo‘nalish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib borayotgan falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan shaxslar hisoblanadi.

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni tashkil etish buyicha tayanch doktorantura falsafa doktori (PhD), doktorantura fan doktori (DSc) va mustaqil izlanuvchi sifatida davom ettirish amaldagi qonun xujjatlari asosida amalga oshiriladi.

c) Universitetning professor-o‘qituvchilari tarkibi, o‘quv-yordamchi va ma’muriy - xo‘jalik xodimlari (personali)

16. Universitetda professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, muhandislik-texnika, ma’muriy-xo‘jalik, ishlab chiqarish, o‘quv-yordamchi va boshqa xizmatchilar lavozimlari mavjud.

Professor-o‘qituvchilar tarkibiga dekan (maktab boshlig‘i), kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi (assistent), mustaqil izlanuvchi, o‘qituvchi-stajyor, tayanch doktorant lavozimlari kiradi.

17. Professor-o‘qituvchilar tarkibidagi lavozimlarni egallash Universitetning pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tanlov asosida muddatli mehnat shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Universitetning O‘quv ishlari hamda Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari bo‘yicha prorektorlari universitet rektori tavsiyasiga binoan universitet Bosh menejeri tomonidan tayinlanadi.

Universitetning Birinchi prorektori Vasiylik kengashi tomonidan tayinlanadi.

18. Universitetning professor-o‘qituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:

- belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasi va fakultet (maktab) kengashlariga saylash va saylanish;

- oliy ta’lim muassasasining faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;

- oliy ta’lim muassasasining axborot-resurs markazi, o‘quv va ilmiy bo‘linmalarning xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa bo‘limlar xizmatidan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;

- o‘qitishning uslub va vositalarini tanlash, o‘quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

- oliy ta’lim muassasasi ma’muriyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish;

- qonunchilikda belgilangan tartibda tanlovlarda qatnashish, lavozimlarni egallash;

- xorijiy hamkasblarning sohaga doir ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlari bilan tanishish va ular bilan fikr almashish;

- nazariy bilimlarini amaliy tajribasini, ilmiy-tadqiqot olib borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;

- talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;

- ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, fundamental, amaliy va innovatsiya loyihalari, xorijiy ilmiy loyihalar hamda xo‘jalik shartnomalarida ishtirok etish;

- darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash, monografiya va ilmiy maqolalar yozish, ixtiro uchun patent olish;

- tasdiqlangan rejaga muvofiq ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy-tadqiqot ishlarining muhokamasida ishtirok etish va ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish, ilmiy ishlar natijalarini nashr etishga tavsiya berish;

- ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlashda qatnashish;

- talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;

- xorijiy yetakchi olimlar, ilmiy markazlar va ta’lim muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirishda ishtirok etish;

- O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.

19. Universitetning professor-o‘qituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

- ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat va ijro intizomi, universitet Ustavi, Ichki tartib qoidalari hamda odob axloq qoidalariga qat’iy rioya qilish, o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va o‘z kasbiga dog‘ tushirmaslik;

- ish jarayonida muloqot qiladigan muassasa xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan xushfe’l munosabatda bo‘lish;

- ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini bajarish, har yili tasdiqlanadigan shaxsiy reja asosida o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:

a) o‘quv yuklamalari hajmini, o‘quv-uslubiy, ilmiy o‘quv-tashkiliy ishlarni tasdiqlangan shaxsiy reja asosida bajarish va ma’naviy- ma’rifiy ishlarda ishtirok etish;

b) ilmiy-tadqiqot natijalari bo‘yicha darslik, o‘quv qo‘llanma tayyorlash, o‘quv abadiyotlar, ilmiy maqolalar, monografiyalar yozish, ixtiro uchun patent olish;

c) ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlashda qatnashish, talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;

d) tarbiyaviy ishlarni olib borish, talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda bevosita ishtirok etish, shu jumladan darsdan tashqari vaqtlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda qatnashish;

e) universitet Kengashi tomonidan tasdiqlangan kafedrada bajariladigan ilmiy mavzularda ishtirok etish;

f) o‘z malakasini muntazam ravishda oshirish;

- mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalariga rioya qilish;

- universitetning mol-mulkini avaylash, undan oqilona foydalanish;

- ish beruvchiga bevosita o‘zining aybi bilan yetkazilgan haqiqiy moddiy zararni qoplash;

- universitet jamoatchilik ishlarida qatnashish;

- pedagogik va ilmiy jarayonning samaradorligini ta’minlash;

- ta’lim oluvchilarning tanlagan yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha yuksak kasbiy tayyorgarlikni, mehnatga bo‘lgan qobiliyatni shakllantirish;

- chet tili va axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirib borish asosida kamida bir yoki ikkita xorijiy tilni bilishi;

- ta’lim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni shakllantirish;

- “Ustoz-shogird” tizimida ishtirok etib, o‘ziga biriktirilgan shogirdlar bilan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;

- o‘zining odobi, madaniyati, ma’naviy saviyasi bilan o‘rnak bo‘lish;

- kiyinish madaniyatiga rioya etish;

- tasdiqlangan ichki tartib qoidalariga so‘zsiz rioya qilish;

- respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish;

- universitet, fakultet (maktab), kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;

- o‘zi o‘qitadigan fan dasturini muntazam fan va texnika yutuqlari asosida boyitib borish;

- darslarni yuqori saviyada o‘tish;

- fan yo‘nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan talabalarni tanishtirib borish;

- har o‘quv yili boshlangunga qadar o‘zi o‘qitadigan fan(lar)ning ishchi o‘quv dasturi, kalendar rejasi va reyting nazoratlari jadvalini ishlab chiqish va kafedra majlisida tasdiqlatish;

- reyting tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;

- talabalar bilimini xolisona baholash;

- yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo‘llash;

- ilmiy salohiyat va pedagogik mahoratini oshirish;

- talabalar ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;

- o‘zining mutaxassisligi bo‘yicha ishlab chiqarish korxonasi va muassasalarda mavjud muammolar haqida ma’lumot va tasavvurlarga ega bo‘lishi hamda ishlab chiqarish jarayonida mavjud muammolarning yechimiga oid tadqiqot mavzusiga ega bo‘lish;

- olib borilayotgan tadqiqot mavzusi asosida o‘z yoki hammualliflikdagi ishlanma va texnologiyalarga ega bo‘lish;

- mutaxassisligi bo‘yicha tegishli muddatlarda malaka oshirib borishi yoki stajirovkadan o‘tish;

- oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish.

20. Universitetning professor-o‘qituvchilari tarkibi uch yilda kamida bir marotaba malakasini oshirish kafolatini ta’minlaydi.

21. Universitetning ma’muriy-xo‘jalik, muhandislik-texnika, o‘quv-yordamchi va boshqa xizmat xodimlarining huquq va majburiyatlari oliy ta’lim muassasasining Ichki tartib hamda odob ahloq qoidalari va lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.

IV. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlar

22. Universitet turizm yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning asosiy ta’lim dasturlari, qo‘shimcha ta’lim (kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ning dasturlarini amalga oshiradi.

23. Universitetda o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlariga Vasiylik kengashi tomonidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

24. Universitet ta’limning asosiy ta’lim dasturlarini ikki bosqichda amalga oshiradi: bakalavriat, magistratura, PhD va doktorantura.

Bakalavriat - ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o‘qish muddati 3 yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’limdir.

Bakalavr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha “bakalavr” darajasi beriladi hamda xalqaro darajadagi diplom topshiriladi.

Magistratura-yo‘nalishning muayyan mutaxassisligi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, bakalavriat negizida, o‘qish muddati 1 yildan kam bo‘lmagan oliy ta’limdir.

Magistr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha tayyorlangan muayyan mutaxassislik bo‘yicha xalqaro “magistr” darajasi beriladi va xalqaro darajadagi diplom topshiriladi.

Bakalavr va magistrlik davlat namunasidagi diplom uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish yoki tanlangan ta’lim yo‘nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish yoki egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqini beradi.

PhD dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha tayyorlangan muayyan mutaxassislik bo‘yicha xalqaro “Doctor of Philosophy” PhD darajasi beriladi va xalqaro darajadagi diplom topshiriladi.

Oliy ta’limning turli bosqichida asosiy ta’lim dasturlari bo‘yicha dastlabki ta’lim olish ikkinchi oliy ta’lim olish sifatida qaralmaydi.

25. Universitetda ta’lim jarayonini tashkil etish, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fanlarning dasturlari, universitet rektori (o‘quv va tarbiya ishlari bo‘yicha prorektor) tomonidan tasdiqlangan yillik kalendar o‘quv jadvali hamda mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.

Ta’lim jarayonini maqsadli yo‘naltirish yo‘li bilan tashkil etish, ya’ni ta’lim shakllari, uslub va vositalarni tanlash yo‘li bilan universitet talabalariga oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish uchun zaruriy sharoitlarini yaratib berilishi lozim.

Ta’lim-tarbiya jarayonining birligi davlat ta’lim standartlari bilan ta’minlanadi.

Universitetning ijtimoiy - iqtisodiy va gumanitar fanlari kafedralari, ma’naviy-ma’rifiy va sport bo‘g‘inlariga, talabalar va boshqa jamoatchilik tashkilotlariga, rahbarlik qilish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish Birinchi prorektor tomonidan amalga oshiriladi.

26. Universitetda o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: ma’ruza, konsultatsiya, seminar, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, yakka mashg‘ulot, nazorat ishi, mustaqil ish, amaliyot, kurs loyihasi (kurs ishi), bakalavrlik bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiyasi.

27. Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 50 daqiqalik akademik soatlar bilan belgilangan. O‘quv mashg‘ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo‘ladi.

Universitetda kunduzgi ta’lim yo‘nalishda o‘qish ingliz tilida olib boriladi. Sirtqi ta’lim yo‘nalishda o‘qish rus va o`zbek tillarida olib boriladi.

28. Universitetda kadrlar tayyorlash ishlab chiqarishdan ajralgan hamda ajralmagan holda olib boriladi.

29. Universitetda o‘quv yili ikki semestrga bo‘linadi va uning har birida talabalarning o‘zlashtirishi kredit tizimi va GPA shaklida olib boriladi.

Universitetda o‘quv jarayoni Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan Universitetda ta’limning kredit tizimi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq olib boriladi.

30. Universitetda ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, mustaqil ta’lim olish vositalarini, modul tizimi hamda masofaviy ta’lim berishni qo‘llash hisobiga mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi.

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim:

31. Universitetda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya Komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy- pedagog kadrlar mutaxassisliklari ro‘yxati”ga muvofiq ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, shuningdek fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar tayyorlash va himoya qilish uchun oliy ta’lim muassasasiga doktorant va mustaqil izlanuvchilarni biriktirish ishlari amalga oshiriladi.

32. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4732-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 278-son qaroriga muvofiq kadrlarni qayta tayyorlash vamalakasini oshirish bo‘yicha kasbiy ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida o‘qish natijalariga ko‘ra o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan davlat namunasidagi sertifikat (diplom) beriladi.

33. Universitetda Senat tomonidan tasdiqlangan mavzular, rejalar bo‘yicha bajariladigan ishlarning sifati hamda mehnat xavfsizligi ta’minlangan holda talabalar, magistrantlar, katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar keng jalb etilib, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlar olib boriladi.

Ilmiy-tadqiqotlar quyidagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi:

- fan, texnika va madaniyatning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental, amaliy hamda innovatsion tadqiqotlarni bajarish uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag‘lari;

- shartnoma asosida sohaviy vazirliklar, idoralar, korxonalar, birlashmalar va boshqalar, shu jumladan xorijiy tashkilotlar mablag‘lari;

- olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish asosidagi tushumlar;

- byudjetdan tashqari mablag‘lar;

- homiy tashkilot va korxonalar;

- mahalliy byudjet mablag‘lari.

V. Universitetning tarkibi

34. Universitet O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil
28-iyundagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3815-son qarori bilan tasdiqlangan tuzilmasiga ega.

Universitetning Vasiylik kengashi Universitet tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega.

VI. Universitetni boshqarish

35. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vaziri ayni vaqtda Universitetning bosh menejeri hisoblanadi.

Universitetni boshqarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda ushbu Ustavga muvofiq universitetning Senati, rektori, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vaziri – Universitetning bosh menejeri va Vasiylik kengashi orqali jamoatchilik boshqaruvini uyg‘unlashtirish tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Universitetda o‘quv-metodik rahbarlik va ta’lim jarayonini yuritish ilg‘or innovatsion hamda ilmiy-pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan ta’minlanadi.

36. Universitetning Vasiylik kengashi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha Universitetning rivojlanishiga ko‘maklashuvchi jamoatchilik boshqaruvi yuqori organi hisoblanadi:

turizm sohasida oliy ta’limni rivojlantirishga ko‘maklashadigan yangi shakllar, dasturlar va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, turizm sohasidagi sub’yektlar faoliyatida ilmiy ishlanmalar natijalarini samarali joriy etish;

bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha davlat, jamoat va biznes tuzilmalari bilan yanada samarali hamkorlik qilish;

hamkorlik to‘g‘risidagi sheriklik bitimlarini tuzish amaliyotini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;

ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish;

Universitetning pedagog xodimlari hamda boshqa xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash va ularni ijtimoiy ta’minlash;

Universitetga moliyaviy yordam ko‘rsatishni tashkil etish, uning faoliyatini ta’minlash va rivojlantirish uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar, xayriya ehsonlari va boshqa manbalarni jalb qilishda ko‘maklashish.

Universitet rektori professor-o‘qituvchilar tarkibi to‘liq shakllantirilgunga qadar Universitet Vasiylik kengashi tomonidan saylanadi, keyinchalik esa Universitet ustavida belgilanadigan tartibda professor-o‘qituvchilar tarkibi tomonidan yopiq ovoz berish orqali saylanadi.

Rektor universitet faoliyatiga, shuningdek, universitetning Ichki-tartib qoidalari, odob-ahloq qoidalari hamda mazkur Ustavda belgilangan majburiyatlar uchun to‘la mas’uldir.

Rektor O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq universitet nomidan ish olib boradi, barcha idoralar, muassasalar, korxonalarda uning vakili sifatida qatnashadi, universitetning mol-mulkiga mas’ullik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bank muassasalarida universitetning hisob raqamlarini ochadi, moliyaviy mablag‘lardan o‘rnatilgan tartibda foydalanish bo‘yicha farmoyishlar beradi.

Rektor universitetning vakolati doirasida:

- universitetning barcha xodimlari, talabalari va boshqa ta’lim olayotganlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va topshiriqlar beradi;

- fakultet dekanlari (maktab boshliqlari), ishlar boshqarmasi boshlig‘i va bosh buxgalterni lavozimiga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi;

- universitet prorektorlari lavozimiga nomzodlarni tavsiya etadi va prorektorlar, dekanlar (maktab boshliqlari)ning muayyan vazifalari hamda mas’uliyatlarini belgilaydi;

- universitet xodimlari va xizmatchilarini, shuningdek ilmiy-pedagogik xodimlarni O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ishga olish va bo‘shatishni amalga oshiradi;

- yuridik xizmati xodimlarini tegishli adliya organi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;

- universitet tarkibiga kirgan ilmiy-tadqiqot, tajriba-eksperimental hamda boshqa tashkilot va bo‘linmalarning vazifalarini belgilaydi va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

- universitet xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar va qo‘shimchalarni belgilangan tartibda belgilaydi (rektor va prorektor bundan mustasno);

- kasaba uyushma qo‘mitasi yoki universitetning boshqa vakolatli organi bilan kelishgan holda universitetning Ichki-tartib qoidalarini tasdiqlaydi;

- universitetning amaldagi qonun hujjatlari yoki vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan buyruqlarini bekor qiladi;

- universitetda Namunaviy shtat birliklariga muvofiq ajratilgan mablag‘lar hamda ish haqi fondi, tasdiqlangan universitet xodimlarining soni va lavozim maoshlari, tarif setkasi doirasida universitet professor-o‘qituvchilari tarkibi va universitet xodimlarining shtat birligini tasdiqlaydi hamda lavozim maoshlarini belgilaydi;

“Oliy ta’lim muassasasining kafedrasi to‘g‘risidagi Nizom” talablaridan kelib chiqqan holda universitet Universitet Senatining tavsiyasiga ko‘ra kafedralar tashkil etiladi yoki tugatiladi.

37. “Oliy ta’lim to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq Universitetda universitet faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rish uchun Senat tashkil etiladi.

Senat tarkibiga lavozimiga ko‘ra Universitet rektori (Senat raisi), rektor maslahatchilari, prorektorlar, dekanlar (maktab boshliqlari) kiradi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda Senat majlisida universitetning Bosh menejeri qatnashishi mumkin. Rektor universitet Senati raisi hisoblanadi.

Senat a’zosi sifatida har bir fakultet (maktab)dan PhD va yuqori unvonga ega bo‘lgan professorlar orasidan hamda har bir fakultet (maktab) o‘qituvchilari orasidan bittadan vakil saylanadi.

Senat tarkibiga talabalar vakillari ham kiradi. Senat a’zosi sifatida talabalar orasidan saylangan talabalar vakili (bakalavr, magistr va PhD) talabalar parlamenti tomonidan tanlanadi.

Rektor tomonidan har bir o‘tkaziladigan Senat tarkibiga vaziyatdan kelib chiqqan holda universitetning tarkibiy bo‘linma boshliqlari kiritilishi mumkin. Rektor tomonidan Senat tarkibiga jahonning ilg‘or ilmiy va ta’lim tashkilotlari vakillaridan 6 nafargacha a’zo kiritilishi mumkin.

Senat qarorlari a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan (51 foiz) ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Agar Senat a’zolarining 2/3 qismi ovoz bersa, Senat qarorlari qonuniy kuchga ega bo‘ladi.

38. Universitet Senatining vakolatlari:

-konferensiyalarni tashkil etish, shuningdek uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

- Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda universitetni rivojlantirishni asosiy istiqbolli yo‘nalishlarini shu jumladan uning ta’lim va ilmiy faoliyatini belgilash;

-o‘quv jarayonini tashkil etishning asosiy masalalari, shu jumladan talabalarni qabul qilish qoidalarini belgilash, o‘quv rejasini tuzish, talabalarni o‘qitishning amaldagi tartibini tartibga solish, yakuniy nazoratlar bo‘yicha talabalarni o‘zlashtirishi natijalarini ko‘rib chiqish;

-moliyaviy-xo‘jalik faoliyati rejasini va universitetni rivojlantirish dasturini ko‘rib chiqish;

-universitet rektorining yillik hisobotlarini tinglash;

-ta’lim masalalari, ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha o‘z vakolati doirasida qarorlar qabul qilish;

-universitet Senatining ish rejasini tasdiqlash;

-universitet professor-o‘qituvchilaridan nomzodlarni ilmiy unvonlar olishga tavsiya qilish;

-universitetning faoliyatini amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘limlarni tuzish va tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish (ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-texnik laboratoriya faoliyatini amalga oshirish, ilmiy-texnik faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlarning ta’lim faoliyatini amalga oshiruvchi bo‘limlar tashkil etish va tugatish to‘g‘risida);

-universitet pedagogik xodimlarini Senatda tanlov bo‘yicha o‘tkazish;

-universitet xodimlarini Davlat mukofotlariga tavsiya berish;

-universitet Senati tomonidan tasdiqlangan qoidalar asosida faxriy unvonlar berish;

-universitetda talabalar uchun stipendiya masalalarini tartibga soluvchi qoidalarni tasdiqlash;

-Davlat va nomdor stipendiyalariga talabalar nomzodlarini tavsiya qilish.

39. Universitetda kasaba uyushmasi va boshqa jamoatchilik tashkilotlari faoliyat ko‘rsatishi mumkin.

40. Professor-o‘qituvchilar va xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoyalashni kasaba uyushmasi markaziy kengashi hamda ularning universitetda saylangan vakili amaldagi qonunchilik asosida o‘z ish faoliyatini olib boradi.

41. Universitetning majburiyatlari:

-universitet muvaffaqiyatli faoliyat yuritishiga, mehnat madaniyati va intizomi ko‘tarilishiga erishish, ishlovchilarning kasb mahoratini yuksaltirish, tarif stavkalarini amaldagilariga nisbatan pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik;

-ishlab chiqarish dasturini bajarish uchun mehnat jamoasini moddiy-texnik resurslar va moliyaviy mablag‘lar bilan o‘z vaqtida ta’minlab borish;

-mehnat unumdorligini yuksaltirish, ilg‘or tajribani o‘zlashtirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish;

-ishlab chiqarish dasturining bajarilishi, universitetning moliyaviy ahvoli va olingan foydaning ishlatilishi haqida mehnat jamoasini muntazam xabardor qilib borish;

-universitetning o‘zida, xodimlar uchun kasbiy tayyorgarlik, boshqa kasbga o‘rgatish, malaka oshirish ishlarini olib borish;

-jamoa shartnomasini tuzishga, uning bajarilishi ustidan nazoratni yo‘lga qo‘yishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida, boshqa qonunlarida, universitetning ta’sis hujjatlarida, jamoa kelishuvlarida hamda jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa masalalarga oid ma’lumotlarni Kasaba uyushma qo‘mitasiga taqdim etib borish;

-belgilab qo‘yilgan mehnat tartibi doirasida kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlik qilish, o‘zaro takliflar va talablarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, mehnat nizolarini muzokara yo‘li bilan hal etish.

Amaldagi nizomlarga muvofiq universitetda ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnik kengashlar va komissiyalar, yosh olimlar kengashi va boshqalar tashkil etilishi mumkin. Rektorat va Senat o‘z faoliyatida universitet jamoat tashkilotlarining tavsiyalarini ko‘rib chiqadi va o‘z faoliyatlarida ularni hisobga oladi.

42. Universitetning fakultet dekanlari (maktab boshliqlari) rektor tavsiyasiga ko‘ra Bosh menejer bilan kelishilgan holda tayinlanadi. Fakultet dekani (maktab boshlig‘i) o‘z faoliyatida “Fakultet to‘g‘risida”gi Nizomga amal qiladi. Fakulteda kengash tashkil etiladi, Kengashning tarkibi, vakolatlari, shakllantirish va faoliyatining tartibi “Fakultetning Kengashi to‘g‘risida”gi Nizom bilan belgilanadi.

43. Kafedra mudirining vakolatlari va kafedra faoliyatining tartibi Universitet tomonidan tasdiqlangan nizom asosida va lavozim majburiyatlari bilan belgilanadi.

VII. Moliya-xo‘jalik faoliyati va moddiy-texnik baza

44. Universitetga ushbu Ustavda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish va foydalanish maqsadida davlat tomonidan binolar, inshootlar, mulkiy majmualar, universitetning pasportiga muvofiq asbob-uskunalar, shuningdek iste’mol, ijtimoiy, madaniy va boshqa maqsadlar uchun zarur bo‘lgan mulklar biriktirilgan.

45. Universitetga jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘a, hadya yoki vasiyat bo‘yicha berilgan pul mablag‘lari, mol-mulk va boshqa mulkiy ob’yektlarga, universitet faoliyatining samarasi hisoblangan intellektual va ijodiy mahsulotlarga, shuningdek o‘z faoliyati orqali oladigan daromadlar va bu daromadlar hisobidan sotib olinadigan mulkiy ob’yektlarga egalik qilish huquqi berilgan.

46. Universitet mol-mulkni ijaraga oluvchi va mol-mulkni ijaraga beruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq universitet o‘ziga biriktirilgan ijaraga berilishi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan binolar, inshootlar va ularning qismlari, asbob-uskunalar, transport vositalari shaklidagi davlat mulki va boshqa mol-mulklarni Kengashning roziligi bilan tasarruf etish huquqisiz, belgilangan narxlar bo‘yicha ijaraga berishni amalga oshiradi.

Ijara haqi sifatida olingan mablag‘larning tegishli qismi ta’lim jarayonini rivojlantirish uchun foydalaniladi.

47. Universitetning ta’lim faoliyatini moliyaviy ta’minlash davlat grantlari asosida mutaxassislar tayyorlash uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari, davlat tomonidan belgilangan me’yorlaridan kelib chiqqan holda qayta tayyorlash va xodimlarning malakasini oshirish hisobiga ajratilgan mablag‘lar, shuningdek byudjetdan tashqari mablag‘lar, jumladan talabalar va tinglovchilarni o‘qitish uchun belgilangan tartibda olingan to‘lov-shartnoma asosidagi mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

48. Universitetning asosiy faoliyatidan chetlanmagan tartibda ta’lim va boshqa sohalarda pullik xizmat faoliyatini amalga oshirish mumkin. Universitet shug‘ullanadigan tadbirkorlik faoliyati uning ustavida belgilangan vazifalarga mos kelishi kerak.

Universitet pullik ta’lim xizmatlari, konsultatsiyalar va boshqa xizmatlar uchun narxlarni belgilash, soliq va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiy to‘lovlardan so‘ng qolgan daromadni mustaqil tasarruf etish huquqiga ega.

Universitet O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda mazkur Ustavga zid bo‘lmagan shartnomalarni tuzish, majburiyatlar va boshqa shartlarni belgilash bo‘yicha masalalarni mustaqil hal qiladi.

49. Universitetda lavozim maoshlari Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi. Universitet xodimiga lavozim maoshi, o‘z funksional vazifalarni hamda mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishlarni bajarganligi uchun to‘lanadi. Qo‘shimcha maosh, ustama, moddiy yordam va boshqa moddiy rag‘batlantirish tadbirlarining hajmini universitet mustaqil, ish haqi fondi doirasida qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va hajmda belgilaydi.

50. Universitetda tashkil etilgan jamoat tashkilotlariga faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur bo‘lgan xonalarni ajratadi. Universitet xududida joylashgan tibbiyot tayanch maskani hamda talabalar, tinglovchilar va xodimlarga xizmat ko‘rsatuvchi oshxona, bufetlar va boshqa umumiy ovqatlanish muassasalariga isitish, yoritish va suv ta’minoti bilan taminlangan xonalar ajratiladi.

Universitetning tegishli binolarini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish yoki yangilarini qurish, ularning moliyaviy ta’minoti qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

VIII. Xalqaro hamkorlik

51. Universitet nomidan Vasiylik kengashi raisi va Bosh menejer O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 33-moddasiga muvofiq ta’lim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etadilar, chet davlatlarning tegishli o‘quv yurtlari bilan bevosita belgilangan tartibda aloqalar o‘rnatish huquqiga ega.

Chet el fuqarolarini o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ta’lim muassasasi ilmiy-pedagogik xodimlarining O‘zbekiston Respublikasi xududidan tashqarida o‘qituvchilik va ilmiy-tadqiqotchilik ishlari davlatlararo organining xorijiy davlatlarning ta’limni boshqarish bo‘yicha tegishli organlari orasidagi shartnomalar, shuningdek universitetning qonunchilikka muvofiq chet el fuqarolari va xorijiy yuridik shaxslar bilan bevosita tuzgan shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

52. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari deb qaralishi mumkin bo‘lmagan, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdagi faoliyat to‘g‘risida belgilangan tartib asosida shartnomalar tuzish huquqiga ega.

53. Universitet O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ushbu Ustavda nazarda tutilgan va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni bajarishga, shuningdek xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

54. Universitet asosan akademik o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va akademik marosimlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan bosh ofisi sifatida milliy madaniyat yodgorligi bo‘lgan rektorat binosidan foydalanadi.

55. Universitet rektorati binosining milliy madaniy yodgorlik sifatidagi mavqei maxsus me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan idora etiladi.

IX. Yakuniy qoidalar

56. Universitet O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda quyidagilarga javob beradi:

-uning vakolatiga kiritilgan vazifalarni bajarmaganligi yoki yetarli darajada va sifatsiz bajarganligi;

-ta’lim jarayonida o‘quv reja va jadvallarga muvofiq ta’lim dasturlari hajmini to‘liq bajarmaganligiga;

-ta’lim jarayoni vaqtida universitetda talabalar, tinglovchilar, doktorantlar, professor-o‘qituvchilar va boshqa xodimlarining hayot xavfsizligiga;

-ta’lim oluvchilar va universitet xodimlarining huquq va erkinliklarning buzilganligiga;

-O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa xatti-harakatlarga.

57. Universitet O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qarorlariga muvofiq belgilangan tartibda qayta tashkil qilinishi yoki tugatilishi mumkin.

58. Mazkur Ustav Vasiylik kengashining bayoni bilan tasdiqlangandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkaziladi va kuchga kiradi.

Ushbu Ustavga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritish Universitetning Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar