Dushanba, 09 Noyabr 2020 11:34

Yangi o‘quv yili boshlandi: “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti zamonaviy ta’limga tayyormi?

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori professor Jo‘liboy Eltazarov yangi o‘quv yilida qanday o‘zgarishlar ro‘y berishi haqida so‘zlab berdi.

- Dunyo bo‘yicha xavfli COVID-19 virusi pandemiyasi tarqalishi oqibatida o‘qitishning onlayn tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishga imkon qoldirmadi. Tabiiyki, ta’lim tizimining “o‘ziga xos” shakliga moslashishning birinchi bosqichida barcha oliy ta’lim muassasalarida kamchilik va xatolar kuzatildi.

Ammo shuni ta’kidlash joizki, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi shunday qiyin bir vaziyatda tezkorlik bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi talablariga mos ravishda har bir oliy o‘quv yurti uchun qulay shart-sharoit yaratib berdi. Bunday sharoitga o‘z vaqtida moslashish va metodik tavsiyalardan to‘g‘ri foydalanish o‘z samarasini berdi va ta’lim tizimi o‘z faoliyatini izchil davom ettirdi. Bu xatti-harakatlar barcha xavf-xatarlar hisobga olingan holda amalga oshirilganligi tufayli kutilgan samarani berdi.

Yangi o‘quv yili qay tarzda boshlanadi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi e’lon qilgan variantlarga muvofiq, yangi o‘quv yilini an’anaviy kunduzgi shaklda boshlash mumkin bo‘ladi. Hozircha bu faqat birinchi kurslarga taalluqli. Katta kurslar esa onlayn tarzda davom etadi. Lekin epidemiologik vaziyatning yaxshilanishi bilan qolgan bosqich talabalari ham o‘qitishning kunduzgi shakliga o‘tishi mumkin.

Qay biri foydali - an’anaviy ta’limmi yoki masofaviy?

Shuni unutmaslik kerakki, o‘qitishning onlayn shakli har qancha qulay bo‘lmasin, an’anaviy ta’lim o‘rnini bosolmaydi. Universitetga yangi qabul qilingan talabalarning sifatli ta’lim olishi, auditoriyada o‘tirib, professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalarini tinglashi va o‘zini haqiqiy talabadek his qilishi biz uchun juda muhim. Albatta, ularning xavfsizligi va sog‘lig‘i eng muhim mezon hisoblanadi. Shu boisdan yangi “aqlli kampus” talabalarning xavfsizligini ta’minlash borasidagi ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan. Universitet binosiga kiraverishda tana harorati o‘lchanadi, qo‘llar antiseptik vositalar bilan qayta ishlanadi.

Bu kabi antiseptik punktlar binoning har bir qavatida, jumladan, kutubxona, oshxona, sport-zal, majlislar va ma’ruzalar zali oldida tashkil etiladi. Keng va shinam o‘quv xonalari talabalarning ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashish imkonini beradi. Xuddi shunday xavfsizlik choralari oshxonada ham amalga oshiriladi. Videokuzatuv tizimi odamlar to‘planishining oldini olishga yordam beradi. Butun kampus radiotarmoq bilan jihozlangan. Ular orqali antivirus choralariga rioya qilish talablari va boshqa muhim xabarlar yangrab turadi.

Universitetning yangi binosi yuqori tezlikdagi internet bilan jihozlangan

Aytish lozimki, o‘qitish jarayoni “oynali” bo‘lib, yagona farq mashg‘ulotlarni olib borish usulida seziladi. Bir tomondan, o‘qituvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabaga, boshqa tarafdan, EDMODO tizimida «onlayn-sinflar» yordamida amalga oshiriladi.

O‘quv rejalari shu tariqa tuzilganki, kunduzgi va onlayn darslar o‘qituvchilar va talabalarga hech qanaqa noqulaylik tug‘dirmaydi. Yangi metodikaning muhim jihati shundaki, u jahon tajribasidan kelib chiqadi va bizning sharoitda ham o‘z aksini topadi: real vaqt rejimida o‘quv mashg‘ulotlarining videoyozuvi va namoyishi. Barcha yozuvlar onlayn-mashg‘ulotlar bazasida saqlanadi, kerakli video-ma’ruzalar esa onlayn rejimida o‘qiyotgan talabaning shaxsiy kabinetida yuklanadi. Bundan tashqari, shaxsiy kabinetda o‘qituvchilar taqdimotlar, o‘tilgan dars mavzulari joylashgan fayllarni yuklashadi. Bu esa o‘z navbatida, talabalarga fanni o‘zlashtirib, mavzuni takrorlash va uyga topshiriqlarni bajarish imkonini beradi. Shaxsiy kabinetda har bir vazifaning bajarish muddati ham qayd etiladi.

Asosiy maqsadimiz - hatto pandemiya sharoitida ham o‘qituvchilar uchun qulay muhitni saqlagan holda yuqori sifatli ta’limni davom ettirishdir. Universitetning yangi binosi yuqori tezlikdagi internet bilan jihozlangan, shuning uchun o‘qituvchilarimiz barcha imkoniyatlardan bemalol foydalanishlari mumkin.

Biz nafaqat masofaviy ta’lim tizimini, balki asosiy videokonferensaloqa platformalarini ham o‘zlashtirdik

Shuni aytish lozimki, ta’lim sifatini oshirish hali ham ustuvor vazifa bo‘lib turibdi. Masofaviy o‘qitish ulushining ko‘payishi bilan bog‘liq vaziyatda biz talabalar bilan birgalikda ta’lim sifatini qanday nazorat qilish haqida o‘ylashimiz kerak. Fikrimcha, o‘quv sifatini an’anaviy (kunduzgi) formatda ham, masofadan turib ham kuzatib borish uchun talabalarni jalb qilish zarur. Avvalambor, biz volontyorlar harakatining rivojlanishini va talabalar faolligining o‘sishini rag‘batlantirishni rejalashtirmoqdamiz.

Universitet masofaviy ta’limga o‘tishni a’lo darajada bajardi. Bundan tashqari, biz nafaqat o‘quv jarayonini onlayn rejimga o‘tkazdik, balki universitetning ilmiy va ijtimoiy faoliyati: ilmiy-amaliy konferensiyalar, ba’zi talabalar tadbirlarini ham masofaviy tarzda o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik.

Shuningdek, Koreya xalqaro tadqiqotlar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti, Amaliy tilshunoslik markazi (AQSh) va Tarjima va madaniyatlararo tadqiqotlar markazi - CTIS (Buyuk Britaniya) bilan hamkorlikda bir qator xalqaro konferensiyalar o‘tkazdik. O‘ylaymanki, ushbu amaliyotni ba’zi bosqichlar uchun saqlashimiz kerak. Chunki shu tariqa talabalar turli mamlakatlarning eng yaxshi ma’ruzachilarini eshitish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Biz nafaqat universitetda masofaviy ta’lim tizimini, balki asosiy videokonferensaloqa platformalarini ham o‘zlashtirdik, zamonaviy texnologiyalar tufayli o‘qituvchilar talabalar bilan jonli muloqotni saqlab qolishdi.

Yaqinda Birlashgan Millatlar tashkilotining Jahon Turizm tashkiloti (UNWTO) akademiyasi va Yevropa turizm universitetlari uyushmasi vakillari bilan o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi muhokama qilindi. Xususan, UNWTO akademiyasi va Yevropaning taniqli universitetlari bizning universitetimizga kelgusi yillarda akkreditatsiyadan o‘tgan eng yaxshi o‘qituvchilarni taqdim etadi. Turizm sohasidagi yuqori malakali xorijiy mutaxassislar o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Har bir fan yakunida talabalarimiz UNWTO akademiyasi sertifikatlarini olish imkoniga ega bo‘ladi.

Universitetga suhbat asosida malakali o‘qituvchilar ishga olindi

Iyun-iyul oylarida vaqtli matbuotda universitetga ishga taklif qilish bo‘yicha reklama berildi. Avgust oyining boshida o‘qituvchilarni qabul qilish uchun suhbat o‘tkazildi. Bu yilgi tanlov juda keskin, ammo adolatli o‘tdi. Ayniqsa, nomzodlar orasida nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olgan vatandoshlarimizning borligi quvonarlidir. Ushbu yosh kadrlar dunyoning eng nufuzli universitetlarining 500 taligiga kiruvchi xorijiy OTMlarda ta’lim olishgan, malaka va amaliy ko‘nikmalar to‘plashgan.

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar ISO9001-2015 xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq ish olib boradilar va yoshlarga dunyo standartlariga mos shaklda ta’lim beradilar. Zero, universitet o‘quv dasturi xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan jahon standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Дополнительная информация

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar