Payshanba, 05 Avgust 2021 18:46

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti kirish imtihonlarini sun'iy intellekt tekshiradi

Bugundan boshlab “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetida besh yildan ortiq vaqt mobaynida AQSh, Yevropa, Osiyo, Rossiya va Qozogʻistonning yetakchi universitetlari tomonidan qoʻllanilayotgan yetakchi “Examus” onlayn-proktoring tizimi yordamida bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlari boshlandi.

Onlayn proctoring - bu sunʻiy aqlga asoslangan holda, imtihon oldidan va vaqtida taqiqlangan xatti - harakatlarni aniqlaydigan monitoring tizimidir. Kuzatuv uchta manbadan iborat: audio, video tasvir va ish stoli ekranini yozish. Brauzerda (imtihon oynasidan tashqari) boshqa yorliqni ochishga harakat qilsangiz yoki koʻchirish va chalgʻish harakatlarini bajarsangiz tizim avtomatik ravishda buzilishlarni aniqlab qayd etib boradi. Tizim alohida foydalanuvchilar uchun ham va minglab foydalanuvchilar uchun ham teng darajada yaxshi ishlaydi. Tekshirish uchun zarur boʻlgan barcha narsa barqaror Internet aloqasi, veb-kamera va mikrofonni qoʻllab-quvvatlaydigan kompyuter yoki noutbuk.

Ta'kidlash joizki, kirish imtihonlari sifatini xolisona nazorat qilish uchun “Examus” kompaniyasining xorijiy vakillari taklif etildi.

"Examus" kompaniyasi Bosh direktori va asoschisi Dmitriy Istomin shunday dedi: “Biz ushbu texnologiyani qoʻllaydigan universitetning jihozlanish darajasi bilan hayratlandik va aynan “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti bilan Oʻzbekistonda bunday keng koʻlamli birinchi loyihani ishga tushirganimizdan juda xursandmiz. Shuni ta'kidlashni istardimki, pandemiya davrida deyarli barcha ta'lim muassasalari masofaviy formatga oʻtadi va masofadan turib imtihon va sinovlarni oʻtkazishga majbur. Shu bilan birga, barcha tartib-qoidalarga rioya qilishni nazorat qilish, talabalarni koʻchirmachilik qilmasliklarini kuzatish juda qiyin. Biz talabalar oʻz natijalariga ishonch hosil qilish imkonini berib, har qanday almashtirishlar va tashqaridan ta’sirlar oʻtkazmasligini ta’minlaymiz. Shuning uchun ham onlayn proktoring tizimlari kerak”.

“Imtihonni “Examus” onlayn - proktoring avtomatlashtirilgan tizimi yordamida olib boradigan Oʻzbekistonning birinchi Oliy ta'lim muassasasi bilan hamkorlikni boshlashdan mamnunmiz va biz "Ipak yoʻli" turizm universiteti boshqa universitetlarga namuna boʻlishiga ishonamiz”, - dedi “Examus” kompaniyasi loyihalari rahbari Panchenko Andrey.

Ta'kidlash joizki, kirish imtihonlarini topshirishning butun jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari, shuningdek, universitet imtihon komissiyasi boʻlimi xodimlari tomonidan qat'iy nazorat qilinmoqda. Imtihon jarayonining jonli efirini universitet veb-saytida, shuningdek, YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida koʻrish mumkin.

O'qilgan 7110 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar