Juma, 07 May 2021 05:07

Universitet rektori kinorejissyor va prodyuser Timur Bekmambetov bilan uchrashdi

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov mashhur kinorejissyor va prodyuser Timur Bekmambetovni qabul qildi.

Uchrashuvda shuningdek O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduholiqov va rossiyalik kinorejissyorning turmush o‘rtog‘i – Tatariston Respublikasi prezidentining yordamchisi, Rossiya Federatsiyasi Jamoatchilik palatasi a’zosi Nataliya Fishman ishtirok etdi.

Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston turizmi va kinematografiyasidagi yirik ko‘lamli islohotlar, xususan viza tizimining soddalashtirilishi va turistik biznesni rivojlantirish uchun qulay sharotlar yaratish, «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi, kino sohasidagi “Rebate” tizimi, milliy kinoindustriya uchun taqdim etilgan soliq va bojxona preferensiyalariga oid ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

O‘z navbatida, Timur Bekmambetov O‘zbekistonga tashrifining ilk lahzalaridanoq turizm sohasi rivoji uchun kiritilgan investitsiyalar natijalari yaqqol ko‘zga tashlanganini ta’kidlab, mamlakatimizning sayyohlik va mehmondorchilik yo‘nalishidagi o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Shuningdek u o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va oqko‘ngilligini alohida qayd etib, bu jihatlarni filmlarda aks ettirish lozimligiga urg‘u berdi. Kinorejissyor “do‘stlik poyezdi”ni tashkil qilishni taklif qildi, uning fikricha, bu barcha san’at namoyondalarini yanada birlashtiradi.

Tomonlar O‘zbekistonda kinoturizmni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashishdi. Filmlar, seriallar va boshqa kino mahsulotlarini ishlab chiqarish imkonini beruvchi mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi: Marko Poloning yoki Gonsales de Klavixoning Markaziy Osiyoga sayohatlari alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ olimlarimiz hayoti va faoliyatiga to‘xtalib o‘tildi. Amir Temur, Manguberdi kabi tarixiy shaxslar taqdiri hamda Kushon imperiyasi, afsonaviy Aleksandra Oks va A.Makedonskiyning mintaqamizdagi davri voqealari orqali mintaqaning boy tarixini ko‘rsatib berish lozimligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, Xo‘ja Nasriddin kabi xalq qahramonlarini ham e’tibordan chetda qoldirilmasligi qo‘shimcha qilindi.

Mehmon respublikamizning yuqori turistik salohiyati, buyuk qahramonlar obrazlari, tarix va tabiiy kinolokatsiyalarni inobatga olib, yirik kinokompaniyalarni yurtimizga jalb qilishga turtki beruvchi qator tashabbuslarni taklif qildi.

O'qilgan 660 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar