Версия для печати
Seshanba, 20 Aprel 2021 18:52

Cho‘qqilarni zabt etishda davom etmoqdamiz

Tog‘lar tabiatning noyob haykallari bo‘lib, ularning samoviy cho‘qqilari, keng yaylovlari va eng muhimi, juda ajoyib manzaralari bilan minglab ekstremallarni jalb qiladi, chunki bu yerda inson o‘zini hammadan ustun bo‘lganligini his qiladi va butun dunyo uning kaftlarida namoyon bo‘ladi.

O‘zbekistonda tog‘ va ekstremal turizmning jadal rivojlanishi yoshlarning ektremal sportga qiziqishini ko‘rsatadi. Ma’lumot uchun, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida 2-bosqich talabasi Amirbek Mirzayev rahbarligida tashkil etilgan tog‘ va ekstremal turizmini sevuvchilarning harakati o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bir necha bor “Hikingly” jamoasi respublika miqyosida o‘tkazilgan turli ekstremal musobaqalarda faol ishtirok etib, sharafli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Endi ular Jizzax viloyatining Baxmal tumanida 22-25 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan Yoshlar turistik yig‘ini doirasidagi respublika musobaqalarida ishtirok etishadi.

Joriy yilning 17-18-aprel kunlari “Hikingly” klubi a’zolari Qashqadaryo viloyati “Qalla-I Shiron” darasida joylashgan Amir Temur g‘ori atrofida joylashgan amaliyot bazasiga tashrif buyurishdi. Talabalarimizga nazariy trening, toqqa chiqishga o‘rgatish, trekking va speleo-treklarga tayyorgarlik ko‘rish, tugunlarni bog‘lash kabi mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Alohida e’tibor esa jamoaviy ishlashga berildi. “Hikingly” jamoasi ikki guruhga bo‘linib, birinchi yarmi professional instruktorlar nazorati ostida ikki ming metrdan ortiq balandlikda joylashgan g‘orga ko‘tarila boshladi. Asosiy vazifa – jamoaning qolgan yarimi uchun xavfsizlik arqonlarini uzatish bo‘ldi.

G‘orga chiqish juda murakkab bo‘lsa-da, “Hikingly” jamoasi 2100 metr balandlikdan ochilgan ajoyib manzarani tomosha qilish baxtiga muyassar bo‘lishdi.

“Biz tog‘ va ekstremal turizmining juda murakkab elementi – cho‘qqiga ko‘tarilishini boshdan kechirganimizdan juda mamnunmiz, sarflangan kuchimiz bunga arziydi deb o‘ylayman. Yuqoriga ko‘tarilayotganda, barcha muammolar unut bo‘ladi, chunki eng kichik xato ham hayotingizga nuqta qo‘yishi mumkinligini tushunasiz, aynan shu paytda o‘z joningizni saqlash instinktini his qilasiz” – deya “Hikingly” klubi koordinatori Amirbek Mirzayev o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

O'qilgan 3349 marta
Kategoriya Yangiliklar

Barcha yangiliklar