Chorshanba, 15 Iyul 2020 22:27

Karantin o’z yo’liga, lekin biz o’qib-o’rganishdan to’xtamaymiz!

“Ipak yo’li” turizm xalqaro universitetining o’quv ishlab chiqarish markazi tomonidan talabalar uchun navbatdagi ikkinchi professional onlayn master-klass tashkil etildi. Unda Rimdagi «TorCarbone» maktabi o’qituvchisi va professional shef-povar bo’lgan Klaudio Fattorini o’z mahoratini namoyish qildi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, Klaudio Fattorini mehmonxona, turizm, restoran va sharoblar borasida ilg’or mutaxassis hisoblanadi.

Bu safar italiyalik mutaxassis onlayn rejimida janubiy italyancha kavatelli pastasini tayyorlashni o’rgatdi. Uning yoniga esa trokolli va mavsumiy sabzavotlardan ajoyib garnir tayyorlashning sir-asrorlaridan ham boxabar etdi. Taom tayyorlanishi shef-povarning batafsil izohlari va tushuntirishlari bilan kechdi. Xuddi qiyindek ko’ringan tayyorlanish jarayoni esa bir soatga ham bormadi. Oh, naqadar ishtahaochar va mazali! Buni rasmlarga qarab turib ham payqash qiyin emas.

Mahorat darsining ishtirokchilari va kuzatuvchilari orasida qatnashayotgan O’zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi inson resurslarini rejalashtirish va rivojlantirish departamenti boshlig’i Shuhrat Isakulov italiyalik mutaxassisga o’z minnatdorchiligini va bu kabi tadbirlar haqida o’z fikrini bildirib qoldi.

Tadbir so’nggida “Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti o’quv ishlab chiqarish markazi direktori Muxamednazarova Irina master-klass tashkilotchisi va tashabbuskori bo’lgan Klaudio Fattoriniga tashakkur bildirdi. Ikki tomon bu kabi tadbirlarni kelgusida ham muntazam ravishda o’tkazish borasida kelishib olishdi.

Qiziqib qoldingizmi? Unda sizni ham tez kunlarda yana tashkil etiladigan navbatdagi onlayn master-klassida ishtirok etishga taklif etamiz. Yangiliklarni kuzatib boring, o’tkazib yubormang!

O'qilgan 4124 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar